Sam Altman Y Combinator startaplariga 2 million dollarlik taklif bilan chiqdi

Sam Altman Y Combinator startaplariga 2 million dollarlik taklif bilan chiqdi

Seshanba oqshomida boʻlib oʻtgan Y Combinator tadbirida OpenAI rahbari Sam Altman kutilmagan bayonot berdi. U joriy yilda dasturda ishtirok etayotgan har bir startapga kompaniya ulushi evaziga 2 million dollar qiymatidagi OpenAI tokenlarini taqdim etishni taklif qildi. Bu shuni anglatadiki, OpenAI startaplarga naqd pul emas, balki oʻz mahsulotlarini yaratish uchun zarur boʻlgan sunʼiy intellekt resurslarini sarmoya sifatida kiritadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Y Combinator katalogiga koʻra, ushbu oqimda taxminan 169 ta startap mavjud. Har bir startap ushbu kelishuv uchun qancha ulush berishi hozircha aniq emas. Bu startapning birinchi rasmiy investitsiya bosqichidagi (Series A) qiymatiga bogʻliq boʻladi. Y Combinator boshqaruvchi direktori Jared Friedman ushbu kelishuv "uncapped SAFE" shaklida amalga oshirilishini, yaʼni kompaniya qiymatiga yuqori chegara qoʻyilmasligini taʼkidladi.

Ushbu strategiya OpenAI uchun ikki tomonlama manfaat keltirishi kutilmoqda. Birinchidan, kompaniya istiqbolli startaplarning aksiyadoriga aylanadi. Ikkinchidan, yangi loyihalarni oʻz ekotizimiga bogʻlab qoʻyadi. Bu esa startaplarning Anthropic kabi raqobatchilar platformalariga oʻtib ketmasligini taʼminlaydi.

Ekspertlarning fikricha, sunʼiy intellekt xizmatlari tannarxi pasayib borayotgan bir paytda, OpenAI bugun berayotgan tokenlar kelajakda kompaniya uchun juda arzon tushishi mumkin. Buning evaziga olinadigan kompaniya ulushlari esa vaqt oʻtishi bilan bir necha barobar qimmatlashishi ehtimoli yuqori.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.