Favvoralar bekor qilindi: Olimlar Yupiter yoʻldoshi Yevropada geyzerlar borligini rad etishdi

Favvoralar bekor qilindi: Olimlar Yupiter yoʻldoshi Yevropada geyzerlar borligini rad etishdi

2014-yilda Science jurnalida eʼlon qilingan shov-shuvli tadqiqot Quyosh tizimidagi muzlagan yoʻldoshlarni oʻrganish yoʻnalishini belgilab bergan edi. Oʻshanda Hubble kosmik teleskopi maʼlumotlariga tayanib, olimlar Yevropa yoʻldoshining muz qobigʻi ostidan 200 kilometr balandlikka suv bugʻi otilib chiqayotganini maʼlum qilishgan. Biroq yangi tadqiqotlar bu xulosalar xato boʻlganini koʻrsatmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Astronomy and Astrophysics jurnalida chop etilgan yangi maqolaga koʻra, oʻsha paytdagi kashfiyot aslida texnik xatolik mahsulidir. Qizigʻi shundaki, ushbu rad etish ishiga 2014-yildagi maqola muallifi, Shvetsiya Qirollik texnologiya instituti doktori Lorenz Roth boshchilik qildi. Uning jamoasi Hubble teleskopi tomonidan 14 yil davomida toʻplangan barcha maʼlumotlarni qayta tahlil qilib chiqdi.

Maʼlum boʻlishicha, geyzerlar deb qabul qilingan narsa teleskop detektoridagi koordinatalarning notoʻgʻri bogʻlanishi natijasida yuzaga kelgan. Yoʻldosh diskining tasvirdagi oʻrni atigi bir-ikki pikselga surilishi spektr tahlilini butunlay oʻzgartirib yuborgan. Toʻgʻri hisob-kitoblar amalga oshirilganda, 200 kilometrlik ulkan favvoralar oddiy statistik shovqinga aylanib qolgan.

Bu yangilik NASA tomonidan uchirilgan Europa Clipper zondi uchun kutilmagan zarba boʻldi. 2031-yilda Yupiter tizimiga yetib boradigan ushbu apparat aynan oʻsha geyzerlar orqali okean tarkibini burgʻulashsiz oʻrganishni rejalashtirgan edi. Endilikda missiyaning ilmiy dasturiga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin, chunki okean namunalari ochiq kosmosga otilib chiqmayotgani maʼlum boʻldi.

Shunga qaramay, olimlar Yevropada muz osti okeani mavjudligini inkor etishmayapti. Geologik dalillar hali ham suyuq suv borligidan dalolat beradi, biroq uni oʻrganish kutilganidan ancha qiyin kechishi aniq. Yakuniy nuqtani esa besh yildan soʻng oʻz manziliga yetib boradigan Europa Clipper qoʻyadi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.