Hitman va Uncharted uygʻunligi: 007: First Light oʻyini tanqidchilarni hayratda qoldirdi

Hitman seriyasi bilan tanilgan IO Interactive studiyasining yangi loyihasi — 007: First Light oʻyini boʻyicha ilk taqrizlar eʻlon qilindi. Yosh Jeyms Bond haqidagi ushbu sarguzasht oʻyini 2026-yil 27-may kuni PS5, Xbox Series X|S va PC platformalarida sotuvga chiqishi kutilmoqda. Syujet markazida 26 yoshli agent 007 turadi, voqealar esa butun dunyo boʻylab — qorli Slovakiyadan tortib, Janubi-Sharqiy Osiyoning issiq oʻlkalarigacha davom etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Oʻyin tanqidchilar tomonidan juda iliq kutib olindi. Hozirda loyihaning oʻrtacha balli Metacritic portalida 88, OpenCritic resursida esa 89 ballni tashkil etmoqda. Koʻplab ekspertlar First Light oʻyinini GoldenEye davridan beri Bond haqidagi eng yaxshi loyiha deb atashmoqda. Oʻyinning asosiy ustunligi — kinematografik ekshen va taktik stels oʻrtasidagi mukammal muvozanatdir.
Taqrizchilar yangi loyihani tez-tez Uncharted seriyasi bilan solishtirishmoqda. Sahnalashtirilgan kadrlar, quvlovlar, otishmalar va dramatik hikoya Naughty Dog studiyasi uslubini eslatadi. Shu bilan birga, Hitman yaratuvchilari oʻyinga ochiq darajali lokatsiyalarni ham qoʻshishgan: gajetlar, ijtimoiy muhandislik, yashirin kirib borish va turli improvizatsiyalar uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Baʻzi mutaxassislar oʻyinning Gollivud klishelari (qoliplari)ga haddan tashqari bogʻlanib qolganini qayd etishgan boʻlsa-da, koʻpchilik yakdil fikrda: 007: First Light — bu zamonaviy oʻyin olamida Bond muxlislari uzoq kutgan haqiqiy sarguzashtdir. Oʻyin oʻzining uslubi, yumori va yuqori darajadagi rejissurasi bilan ajralib turadi.













