Nissan arzonroq Leaf B5 modelini ishlab chiqadi

Nissan kompaniyasi yangi, byudjet toifasidagi elektromobil — Leaf B5 modelini taqdim etdi. U yaqinda e’lon qilingan Leaf B7ning soddalashtirilgan versiyasi hisoblanadi, deb yozmoqda ixbt.com sayti.
Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yangi modelning maqsadi — Yaponiyada o‘sib borayotgan raqobatga javob qaytarish. Leaf B5 2026-yil fevral oyida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan va 55 kVt·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. Uning narxi “yanada kengroq xaridorlar uchun qulay” bo‘lishi kutilmoqda.
Leaf B7 esa Yaponiyada avvalroq — 2025-yil 17-oktabrdan buyurtmaga ochiladi, birinchi yetkazib berishlar 2026-yil yanvarda boshlanadi. U 78 kVt·soat batareya bilan 702 km (WLTC sikli) yurish zaxirasiga ega bo‘ladi. 150 kVt tez quvvatlanish tizimi yordamida 10% dan 80% gacha 35 daqiqada quvvat to‘ldirish mumkin.
Leaf’ning uchinchi avlodi energiya boshqaruvi va batareya sovitish tizimida yangilanishlarga ega. Salonda ikki dona 12,3 dyuymli ekran o‘rnatilgan. Leaf B7 X va G komplektatsiyalari 34 ming – 39 ming dollar oralig‘ida sotiladi.
Kelgusida Leaf B7 Autech (42 ming dollar) va arzonroq Leaf B5 versiyalari ham taqdim etiladi. Leaf B5 uchun aniq narx sotuvlar boshlanishiga yaqin e’lon qilinadi.













