Tojikistonda Afg‘onistondan kelgan bir guruh terrorchilar yo‘q qilindi

Tojikistonda Afg‘onistondan kelgan bir guruh terrorchilar yo‘q qilindi

Foto: Getty Images

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) xodimlari Afg‘onistondan yirik partiyadagi qurol-yarog‘ olib o‘tgan uch nafar terrorchini yo‘q qildi, deb xabar bermoqda mahalliy “Xovar” axborot agentligi.

Gap “Jamoat Ansorullo” guruhi a’zolari haqida ketmoqda. Guruhga o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin muxolifatchi jangarilar sobiq qo‘mondoni, asli tojikistonlik shaxs asos solgan. Guruh “Tolibon” bilan hamkorlik qilishda gumonlanadi.

“Xovar” xabariga ko‘ra, 30 avgustga o‘tar kechasi guruhning uch nafar a’zosi Kevron qishlog‘i (Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati) yaqinida tojik-afg‘on chegarasi chizig‘ini noqonuniy kesib o‘tgan. Shundan so‘ng voqea joyiga MXDQ xodimlari yetib kelgan, ular 5 sentyabr kuni ertalab terrorchilarni o‘rab olib, taslim bo‘lishni taklif qilgan, bunga javoban terrorchilar o‘t ochgan.

“Aksilterror operatsiyasi natijasida terrorchilik guruhining uch nafar a’zosi yo‘q qilindi”, — deyiladi xabarda.

Tojikistonda Afg‘onistondan kelgan bir guruh terrorchilar yo‘q qilindi

Foto: “Xovar”

Terrorchilar o‘zlaridagi qurollardan tashqari qo‘shni davlatdan katta partiyada qurol-yarog‘, harbiy o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni olib kelib, omborxonalarga joylashtirgan.

“Xovar” qayd etishicha, ilgari ushbu guruh a’zolariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning barchasi qidiruvga berilgan.

26 aprelda ham “Jamoat Ansorullo”ning ikki a’zosi Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegarani noqonuniy kesib o‘tgandi. Aksilterror operatsiyasi natijasida ular zararsizlantirilgan.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.