Makron: “Niger xuntasi Fransiya elchixonasiga oziq-ovqat olib kirishga ruxsat bermayapti”

Makron: “Niger xuntasi Fransiya elchixonasiga oziq-ovqat olib kirishga ruxsat bermayapti”
\"\"
Foto: BBC

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fransiyaning Nigerdagi elchisi diplomatik missiya binosida virtual garovda yashayotgani va mamlakatda hokimiyatni egallab olgan harbiylar elchixonaga oziq-ovqat olib kirishga ruxsat bermayotganini aytdi, deb yozmoqda BBC.

Elchi Silven Itte va elchixona xodimlari “bevosita garovga olingan” va armiya ratsionini iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda, dedi Makron jurnalistlarga.

26-iyul kuni prezident Muhammad Bazumni hokimiyatdan ag‘dargan Niger harbiy xuntasi Fransiya elchisiga 48 soat ichida mamlakatni tark etishi kerakligini aytdi. Ammo Parij xunta talablariga bo‘ysunishdan va yangi tuzumning qonuniyligini tan olishdan bosh tortdi.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, elchi “tashqariga chiqa olmaydi, u persona non grata deb e’lon qilinga va unga ovqat berilmayapti”.

Fransiya prezidenti bir necha haftadan beri Nigerdagi elchini chaqirib olishdan bosh tortmoqda. U xuntaning talablarini provokatsion deb hisoblaydi.

Jurnalistlarning elchi vataniga evakuatsiya qilinadimi, degan savoliga Makron prezident Bazum bilan kelishilgan choralar ko‘rilishini, chunki u mamlakatdagi yagona qonuniy hokimiyat egasi ekanini aytdi.

Nigerda harbiy to‘ntarish

Nigerda 26-iyul kuni harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Prezident gvardiyasi davlat rahbari Muhammad Bazumni hokimiyatdan chetlatdi. Ikki kundan so‘ng prezident gvardiyasi boshlig‘i general Abdurahmon Tchiani o‘zini yangi davlat rahbari deb e’lon qildi.

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati — ECOWAS Nigerga harbiylarni kiritishga tayyorligini e’lon qildi. Bunga javoban davlat to‘ntarishlari natijasida hokimiyatga kelgan harbiylar tomonidan boshqariladigan Mali va Burkina-Faso “Niger ishlariga har qanday harbiy aralashuv ularga qarshi urush eʼlon qilish bilan barobar bo‘lishini” bildirdi.

Niger Fransiyaning sobiq mustamlakasi. Hokimiyatni qo‘lga olgan harbiylar Fransiya bilan tuzilgan barcha kelishuvlar bekor qilinganini e’lon qildi va fransuz qo‘shinlaridan chiqib ketishni talab qildi. Mamlakatda 1,5 mingga yaqin fransiyalik askar bor. Emmanuel Makron Nigerga ECOWAS harbiy aralashuvini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini e’lon qildi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.