Bitcoin zaxirasining 10 foizi kvant kompyuterlari oldida himoyasiz

Glassnode tahliliy platformasi maʻlumotlariga koʻra, Bitcoin umumiy zaxirasining qariyb 10 foizi kvant hisoblash texnologiyalari rivojlanishi fonida "tizimli ravishda xavfli" holatda qolmoqda. Taxminan 1,92 million BTCni tashkil etuvchi ushbu guruhdagi tangalar oʻzining texnik tuzilishi tufayli ochiq kalitlarni (public key) oshkor qiladi, bu esa kelajakda kvant hujumlari uchun yoʻl ochishi mumkin. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Xavf ostidagi aktivlarning asosiy qismini Satoshi Nakamoto davridagi Pay-to-Public-Key (P2PK) tranzaksiyalari, eski koʻp imzoli (P2MS) tuzilmalar va zamonaviy Pay-to-Taproot (P2TR) manzillari tashkil etadi. Xususan, Bitcoin yaratuvchisi Satoshi Nakamotoga tegishli 1,1 million tanga (umumiy zaxiraning 5,5 foizi) eng zaif nuqta sifatida koʻrilmoqda. Shuningdek, Taproot manzillaridagi 200 mingga yaqin tanga ham ushbu xavf guruhiga kiradi.
Ekspertlarning taʻkidlashicha, ushbu muammoni hal qilish uchun Bitcoin tarmogʻida BIP-360 kabi kvantga chidamli yangi standartlarni joriy etish zarur. Hozirda umumiy zaxiraning 69,8 foizi (13,99 million BTC) kvant tahdididan xoli deb hisoblanadi. Biroq, yana 4,12 million BTC foydalanuvchilarning manzillarni notoʻgʻri boshqarishi yoki kalitlardan takroriy foydalanishi sababli "operatsion jihatdan xavfli" holatda turibdi.
Kompaniyalar kesimida qaralsa, Franklin Templeton, WisdomTree va Robinhood egaligidagi Bitcoin aktivlarining 100 foizi, Binance birjasidagi mablagʻlarning esa 85 foizi kvant xavfiga duchor boʻlishi mumkin. Aksincha, Coinbase birjasida bu koʻrsatkich atigi 5 foizni, Fidelity jamgʻarmasida esa 2 foizni tashkil etadi. Ark Invest hisobotiga koʻra, bunday hujumni amalga oshirish uchun kvant kompyuterlari millionlab mantiqiy kubitlarga ega boʻlishi talab etiladi.












