Obligatsiyalar narxi oshishi Bitcoin uchun supertsikl signalimi

Obligatsiyalar narxi oshishi Bitcoin uchun supertsikl signalimi

Davlat obligatsiyalari rentabelligining oshishi iqtisodiyotda "strukturali" oʻzgarishlar yaqinlashayotganidan darak bermoqda. BitMEX kripto birjasining katta tahlilchisi Shang Wuʻning fikricha, bu holat Bitcoin narxining keskin koʻtarilishiga va yangi "supertsikl" boshlanishiga sabab boʻladi. Investorlar qadrsizlanayotgan aktivlardan qochib, inflyatsiyaga uchramaydigan raqamli aktivlarga oʻtishni boshlamoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.

Seshanba kuni AQSHning 30 yillik gʻaznachilik obligatsiyalari rentabelligi 5.14 foizdan oshdi, Yaponiya bankining 10 yillik davlat obligatsiyalari esa 2.8 foizga yetdi. Wuʻning taʼkidlashicha, bunday yuqori koʻrsatkichlar uzoq muddatda barqaror boʻla olmaydi va hukumatlarni oʻz valyutasini qadrsizlantirish yoki suveren qarz inqiroziga uchrash tanlovi oldida qoldiradi.

Hozirda AQSH milliy qarzi 39 trillion USD miqdoridan oshib ketgan. Geosiyosiy keskinliklar va Eron bilan bogʻliq mojarolar tufayli energiya resurslari narxi koʻtarilishi inflyatsiyani yanada kuchaytirmoqda. Odatda markaziy banklar inflyatsiyani jilovlash uchun foiz stavkalarini oshiradi, biroq ulkan qarz miqdori tufayli yuqori stavkalar hukumatning qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlarini chidab boʻlmas darajaga olib keladi.

Tahlilchilar, jumladan makroiqtisodchi Lyn Alden, hukumatlar va markaziy banklar "miqdoriy yumshatish" (QE) siyosatini yashirincha davom ettirishga urinishini taxmin qilmoqda. Bunda likvidlikni oshirish uchun obligatsiyalarni qayta sotib olish va rentabellik egri chizigʻini nazorat qilish kabi usullardan foydalaniladi, bu esa pirovardida Bitcoin kabi cheklangan emissiyali aktivlarga boʻlgan talabni oshiradi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Laylo
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.