BAAning ADI Chain tarmogʻi Ledger bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

BAAning ADI Chain tarmogʻi Ledger bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

Ledger kompaniyasi ADI Foundation tomonidan ishlab chiqilgan ADI Chain tarmogʻining $ADI tokenini oʻz tizimiga integratsiya qildi. Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan bogʻliq boʻlgan ushbu Layer-2 tarmogʻi asosan steyblkoinlar va real aktivlarni tokenizatsiya qilishga (RWA) ixtisoslashgan. ADI Chain loyihasi Abu-Dabida joylashgan Sirius International Holding tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi va First Abu Dhabi Bank bilan hamkorlikda DDSC steyblkoin ekotizimini rivojlantirmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.

Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, ushbu tarmoq transchegaraviy toʻlovlar, gʻaznachilik operatsiyalari va savdo hisob-kitoblari kabi institutsional maqsadlar uchun moʻljallangan. Yangi integratsiya foydalanuvchilarga $ADI tokenlarini Ledger Wallet va apparat hamyonlari orqali xavfsiz saqlash hamda boshqarish imkonini beradi. ADI Foundation ushbu tarmoqni tartibga solinadigan steyblkoinlar uchun infratuzilma sifatida taʼriflab, $ADI tokenidan tarmoq ichidagi gaz toʻlovlari uchun foydalanilishini taʼkidladi.

Yaqinda International Holding Company tomonidan 110 million dirham (taxminan 30 million USD) miqdoridagi DDSC oʻtkazmasi amalga oshirildi. Bu BAA tarixidagi eng yirik ochiq steyblkoin tranzaksiyalaridan biri sifatida qayd etildi. Hozirda bozorda AQSH dollari bilan taʼminlangan steyblkoinlar ustunlik qilayotgan boʻlsa-da, Dune Analytics hisobotiga koʻra, dollardan tashqari boshqa valyutalardagi steyblkoinlar bozorining 80 foizidan ortigʻi EUR hissasiga toʻgʻri keladi.

Yevropa Ittifoqida MiCA (Markets in Crypto-Assets Regulation) qoidalarining joriy etilishi kripto aktivlar uchun rasmiy asos yaratdi. Biroq, Blockchain for Europe tahlilchilari MiCA qoidalari EUR steyblkoinlarini xavfsizroq qilsa-da, ularning USD muqobillariga nisbatan raqobatbardoshligini pasaytirganini aytishmoqda. Hozirda yevro steyblkoinlari global hajmining atigi 1 foizidan kamrogʻini tashkil etadi.

Shunga qaramay, Yevropa institutlari mahalliy valyutadagi steyblkoin infratuzilmasini rivojlantirishni davoll ettirmoqda. Masalan, Qivalis konsorsiumi 15 ta davlatdan 25 ta bankni oʻz safiga qoʻshib, aʼzolari sonini 37 taga yetkazdi. Ushbu tashabbus AQSH dollariga bogʻliq boʻlmagan, tartibga solinadigan yevro steyblkoin muqobilini yaratishni maqsad qilgan.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Laylo
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.