Samanta Pauer: «AQSH hech bir davlatni qaysidir pozitsiyani tanlashga undamaydi»

«Afg‘oniston qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda. Masalan, yaqinda sodir bo‘lgan zilzila sabab ko‘plab odamlar halok bo‘ldi. AQSH uzoq yillar davomida Afg‘oniston uchun eng yirik iqtisodiy donor bo‘lib kelmoqda. O‘tgan yili ham katta pullar ajratildi. «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelishi bilan iqtisodiy qiyin holat yuzaga keldi va buning uchun afg‘on xalqi tovon to‘lamoqda.
Hozir mamlakatdagi oziq-ovqat bilan bog‘liq holatni kuzatyapmiz. Biz berayotgan yordam «Tolibon» rahbariyati qo‘liga tushmasligini ham nazorat qilishimiz kerak. Chunki ular mamlakatda ko‘plab inson huquqlarini cheklab kelmoqda. Masalan, qizlarni ta’lim huquqidan mahrum qilishyapti», degan Pauer xonim.
«Gazeta.uz» muxbirining Yaqin Sharqda yangi keskinlashuv fonida qanday qilib tinchlikka erishish mumkinligi haqidagi savoliga javob berar ekan, G‘azo va Isroil chegarasidagi vaziyat haqidagi savolga USAID ma’muri o‘z vakolati doirasida hududdagi gumanitar holat haqida gapira olishini aytdi.
«Biz HAMASning hujumini qoralaymiz. AQSH Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi bor deb hisoblaydi. Ayni damda u yerdagi eng muhim masala tinch aholiga yordam berishdir. Prezident Bayden G‘azoga yordam yuborish bo‘yicha Misr prezidenti bilan muzokaralarda shaxsan qatnashdi. Chunki yaralanganlar, tinch aholi vakillari birlamchi tibbiy yordamni olishi kerak. Jo Bayden mintaqadagi tinchlik uzoq muddatli va barqaror bo‘lishi kerak deb hisoblashini aytdi.
O‘z navbatida, Isroil xalqi ham HAMAS hujumlariga uchramasligi kerak. Prezident Bayden va davlat kotibi Blinken vaziyat tinchlik muzokaralariga o‘tishi uchun harakat qilmoqda», dedi u.
Ukrainada urush boshlangach Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qilgan G‘arb davlatlarida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi nizo borasida yakdillik sezilmayotgani haqida savolga javob bergan Pauer xonim AQSH hech bir davlatni qandaydir pozitsiya tanlashga undamasligini aytdi.
«AQSHning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasi shundan iboratki, Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, chunki bunday masshtabdagi va vayronagarchilikka olib kelgan hujumga uchragan har qanday davlat buni amalga oshirish huquqiga ega emas, balki bunga majburdir. Ammo prezident [Bayden] aytganidek, bu kurash qanday olib borilishi katta ahamiyatga ega va Falastin xalqi, oddiy aholi HAMASning shafqatsizligi uchun tovon to‘lamasligi kerak. Axir Falastin xalqi, shu jumladan, G‘azo aholisi, ularning aksariyati tirik qalqon yoki HAMAS terrorchilari tufayli xavf ostida, ko‘p hollarda o‘zlari HAMASning shafqatsizligi qurboniga aylanmoqda. AQSH uzoq yillar davomida Isroil va Falastin o‘rtasidagi muammo bartaraf etilishi ustida ishlab kelmoqda», dedi Samanta Pauer.
U, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashga chaqirish xalqaro huquq tomonidan belgilanishini ta’kidladi.
«BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi qo‘shni davlatga bostirib kirib, Ukraina shaharlarini vayron qilmoqda, minglab ukrainalik bolalarni o‘g‘irlab, ularni ota-onasidan ayirib, Rossiyaga olib ketmoqda. Shuningdek, rus bosqinchilari qo‘lidagi odamlar muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlik va qiynoqqa solinmoqda. Yuqorida aytib o‘tganlarimdan kelib chiqsak, AQSH davlatlarni bunday shafqatsizlik va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishini qoralashi va mamlakatlarni Rossiya Federatsiyasi tomonida bo‘lmaslikka chaqirishi, ommaviy tarzda yoki yopiq eshiklar ortida bunday harakatlardan chuqur tashvish va xavotir bildirishga undashiga hayron bo‘lmaslik kerak, deb o‘ylayman», dedi u.
Shu bilan birga, barcha mustaqil davlatlar bu borada o‘z qarorlarini qabul qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.
«Har bir suveren davlat o‘z geografiyasi, tarixi, qadriyatlari va o‘z manfaatlarini qanday muvozanatda ushlashi bo‘yicha o‘zi qaror qabul qiladi. Biz hammamiz boshqa davlatlar bizga hujum qila olmasligidan manfaatdormiz. Albatta, har bir suveren mamlakat va har bir suveren xalq ushbu tamoyillar to‘plamini qanday muvozanatda ushlashi bo‘yicha o‘zi qaror qabul qilishi kerak. Ammo AQSH hech qachon og‘ishmaydi, savolda aytilgani kabi «talab qilmaydi», balki suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga rioya qilishni yoqlaydi. Biz Yaqin Sharqda shunday qilyapmiz va bu tamoyillarni buzayotgan Rossiyaga nisbatan shuni talab qilmoqdamiz», dedi u.













