Navoiyda bir oy ichida ikkinchi bor yo‘lovchi avtobusi ag‘darildi

Navoiy viloyatida shaharlararo yo‘nalishda harakatlangan yo‘lovchi avtobusi ishtirokida navbatdagi yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketgan va oqibatda avtobus ag‘darilgan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 17-yanvar kuni soat 09:00 da (Toshkent vaqti bilan) A-379 xalqaro avtomobil yo‘lining “Navoiy – Uchquduq” yo‘nalishi, 189-kilometrida sodir bo‘lgan.
Avtohalokat natijasida ikki kishi jarohat olib, Zarafshon shahar markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (harakat xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5-yanvar kuni ham Navoiy viloyatida salonida 47 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus ag‘darilgandi. O‘shanda oqibatlar og‘ir kechib, ikki kishi voqea joyida halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi turli darajada tan jarohati olgandi.













