Namanganda 1 yoshli bola hojatxonaga tushib ketdi

Namangan viloyatining Uychi tumanida 2025 yilda tug‘ilgan 1 yoshli chaqaloq hojatxona chuquriga tushib ketgani haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Hodisa 22 may kuni soat 18:47 atrofida tumanning “Muborak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uy egasining 2025 yilda tug‘ilgan o‘g‘il farzandi nazoratsiz qolgani va ehtiyotsizlik oqibatida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan.
Vaziyat yuzasidan zudlik bilan qutqaruv xizmati xodimlari chaqirilgan. FVV qutqaruvchilari voqea joyiga tezkor yetib kelib, qutqaruv ishlarini boshlagan. Qutqaruvchilardan biri chuqurga tushib, chaqaloqni ehtiyotkorlik bilan yuqoriga olib chiqqan.
Shundan so‘ng bolaga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u shifokorlar nazoratida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloqning ahvoli hozirda yaxshi bo‘lib, u yaqinlariga topshirilgan.
Mutaxassislar bunday holatlar ko‘pincha bolalar nazoratsiz qolganda yuzaga kelishini ta’kidlab, ota-onalarni ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.













