O‘zbekiston U-17 pley-off sinovida jangga shay turibdi

Qatarda o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in pallaga kirdi — guruh bosqichi yakunlandi va nokaut bahslari rasman boshlandi. Endi har bir o‘yinning qiymati nihoyatda katta: bir xatolik keyingi bosqichdan mahrum qilishi mumkin.
Shu sharoitda Islombek Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bugun, 15 noyabr kuni, eng muhim to‘qnashuvlardan birini o‘tkazadi. Raqib — Yevropa futbolida o‘z akademiyasi va iste’dodlari bilan nom qozongan Xorvatiya.
O‘yin «Espayr» akademiyasi maydonida Toshkent vaqti bilan 20:45 da start oladi. O‘smirlarimiz uchun bunda nafaqat taktik barqarorlik, balki ruhiy baquvvatlik ham hal qiluvchi omilga aylanishi turgan gap.
O‘zbekiston o‘smirlar termasi guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagandi: 6 ochko to‘plab, 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi va pley-off yo‘llanmasini ishonchli tarzda qo‘lga oldi. Endi jamoa chorak finalga yo‘l olish uchun Xorvatiya bilan bellashadi — raqibning o‘yin uslubi jismoniy kuch, tezlik va intizomga tayangan bo‘lsa-da, Ismoilov shogirdlari ham o‘z imkoniyatlarini yaxshi namoyon etishga shay.
Ushbu bosqichda g‘alaba qozonilsa, keyingi raqib ham oson bo‘lmaydi: Italiya – Chexiya juftligi g‘olibi o‘zbekistonlik o‘smirlarni kutib turadi. Bu esa jamoamiz oldida yana bir qiyofa sinovi turganini anglatadi.
Muxlislar uchun eng muhimi — jamoa o‘ziga ishonayotgani, o‘yindan o‘yinga o‘sib borayotgani va maydonga tashlanayotgan har bir daqiqada bizni quvontira olayotganidir. Bugungi o‘yinda ham o‘sha ruh, o‘sha xarakter yana namoyon bo‘lishiga umid katta.













