O‘zbekiston futzalchilari Avstraliya ustidan irodali g‘alabaga erishdi

O‘zbekiston futzalchilari Avstraliya ustidan irodali g‘alabaga erishdi

O‘zbekiston futzal terma jamoasi Osiyo Kubogi “C” guruhidagi 2-tur bahsida Avstraliyaga qarshi maydonga tushib, jangovor o‘yinda 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv Jakartadagi “Indoneziya Arena”da bo‘lib o‘tdi.

Bahs juda tez sur’atda boshlandi. Avstraliyaliklar 8-daqiqada Jiden Harbning goli bilan hisobni ochdi. E’tiborli tomoni, o‘sha daqiqaning o‘zida o‘zbekistonliklar ham javob qaytarib, Anasxon Rahmatov hisobni tenglashtirdi. Biroq raqib jamoa hujumdan to‘xtamay, 9-daqiqada Harbning ikkinchi goli orqali yana oldinga chiqib oldi.

Shundan keyin O‘zbekiston o‘z o‘yinini topdi. 11-daqiqada Ixtiyor Ropiyev muhim gol urib, hisobni 2:2 qildi. 19-daqiqada esa Ilhom Hamroyevning aniq zarbasi jamoamizni ilk bor hisobda oldinga olib chiqdi — 3:2.

Ikkinchi bo‘limda ham terma jamoamiz tartibli o‘yin namoyish etib, raqibning bosimini so‘ndirdi va vaziyatni nazoratda ushladi. Uchrashuv yakunida Muzaffar Ahadjonov 37-daqiqada gol urib, O‘zbekistonning g‘alabasini rasmiylashtirdi — 4:2.

Osiyo kubogi. S guruhi. 2-tur

Avstraliya — O‘zbekiston 2:4

Gollar: Yakob Harb (8, 9) — Anasxon Rahmatov (9), Ixtiyor Ropiyev (11), Ilhom Hamroyev (19), Muzaffar Ahadjonov (37).

O‘zbekiston — 12.Abbos Elmurodov, 4.Ixtiyor Ropiyev, 6.Ilhom Hamroyev, 9.Elbek To‘lqinov, 10.Shahram Faxriddinov

Zahiradagilar: 1.Shavkat Ibragimov, 2.Anasxon Rahmatov, 3.Abror Ahmedzyanov, 5.Sunnatilla Jo‘rayev, 7.Akbar Usmonov, 8.Xayrullo Solixov, 11.Muzaffar Axadjonov, 13.Eldor Nigmatov, 14.Samariddin Berkinov.

Ogohlantirish: Shahram Fahriddinov (10).

Chetlatish: Jiovenali (39).

Shu tariqa, “C” guruhidagi navbatdagi uch ochko qo‘lga kiritildi va terma jamoamiz pley-off uchun kurashda juda muhim qadam tashladi. Muxlislar uchun bu uchrashuvning asosiy xulosasi bitta: jamoa xarakter ko‘rsatdi, zarba yegan joyidan tez turib ketdi va g‘alabani tortib oldi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.