Parij klubi xoʻjayini Jürgen Kloppni jamoaga olib kelmoqchi

Christian Dior SE bosh direktori va dunyoning eng boy insonlaridan biri Antuan Arno Parijning ikkinchi klubi — Paris FC loyihasi haqida gapirib, Jürgen Kloppni jamoa boshqaruvida koʻrishni orzu qilayotganini maʼlum qildi. RMC nashriga bergan intervyusida milliarder: "Agar Chempionlar ligasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritsak, Jürgen Kloppni jamoamizni boshqarishga koʻndirishni juda istardim", — deya taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Hozirda Paris FC klubi Arno oilasi va Red Bull kompaniyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Jürgen Klopp 2025-yil boshidan buyon Red Bull tizimida global futbol boʻlimi boshligʻi sifatida faoliyat yuritayotgani sababli, uning ushbu loyihaga jalb etilishi haqiqatga yaqin deb koʻrilmoqda. Arno nemis mutaxassisining xarizmasi va futbol dahosi har qanday klub uchun katta yutuq ekanini qayd etdi.
Jürgen Klopp 2024-yilning yozida Liverpul jamoasini tark etib, tanaffusga chiqqan edi. Garchi uning nomi Real Madrid va Germaniya terma jamoasi bilan bogʻlanayotgan boʻlsa-da, murabbiy hozircha maydon chetiga qaytish niyati yoʻqligini aytib keladi. Antuan Arno ham bu borada realistik fikrlab, Klopp balki 3-5 yildan keyin murabbiylikka qaytishi mumkinligini taxmin qildi.
Ayni damda Paris FC Fransiya chempionatida oʻz oʻrnini mustahkamlash bilan band. Oʻtgan mavsumda jamoa turnir jadvalida 11-oʻrinni egalladi. Klubning moliyaviy imkoniyatlari kengayishi bilan yaqin yillarda Chempionlar ligasi yoʻllanmasi uchun kurashish asosiy maqsad qilib belgilangan. Kloppning Red Bull bilan shartnomasi esa 2029-yilga qadar davom etadi.













