Allegri Modrichning g‘alaba keltirgan goli haqida fikr bildirdi

«Milan» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri «Piza»ga qarshi uchrashuvda (2:1) g‘alaba keltirgan gol muallifi Luka Modrich haqida o‘z fikrlarini aytdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
40 yoshli yarim himoyachi juma kuni o‘tgan A Seriyasi bahsining 85-daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasiga uch ochko taqdim etdi.
«Nima deyishim mumkin? Luka — betakror futbolchi. U borib, bizga g‘alabani olib berdi. Hammamiz undan o‘rnak olsak arziydi: shuncha yutug‘i va iste’dodiga qaramay, juda kamtar. Uning biz bilan ekanidan juda xursandmiz», — dedi Allegri o‘yindan keyin OAV bilan suhbatda.
Modrich «Milan» safiga o‘tgan yil yozida kelib qo‘shilgandi. «Piza» darvozasiga urilgan gol yarim himoyachining «rossoneri» libosidagi 26 o‘yinda kiritgan ikkinchi goli bo‘ldi.













