Safonov PSJ g'alabasidan so'ng yana peshqadamlikka qaytdi

PSJ darvozaboni Matvey Safonov 23-tur doirasida «Mets»ga qarshi o'yindan keyin fikr bildirdi. Parij klubi ushbu uchrashuvda 3:0 hisobida ishonchli zafar quchdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Safonov ijtimoiy tarmoqlardagi postida jamoa yana turnir jadvalida birinchi o'ringa qaytganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, PSJ o'yinni nazorat ostida o'tkazdi va raqib deyarli xavfli vaziyat yarata olmadi: «Agar adashmasam, raqibning darvoza tomon birorta ham aniq zarbasi bo'lmadi. Bu esa raqibning jadvaldagi o'rnidan qat'i nazar, har bir o'yinga mas'uliyat bilan yondashayotganimizni ko'rsatadi», — dedi u.
Joriy mavsumda 26 yoshli rossiyalik posbon 10 uchrashuvda maydonga tushdi, 10 ta gol o'tkazib yubordi. Safonov 4 marta darvozasini daxlsiz saqlab qoldi.
Bu g'alabadan keyin PSJ hisobida 54 ochko jam bo'ldi. Parijliklar «Lans»ning «Monako»ga yutqazib, ikkinchi pog'onaga tushib ketganidan unumli foydalanib, yana peshqadamlikni qo'lga oldi.













