Western Digital kvant hujumlaridan himoyalangan yangi Ultrastar HDD’larini chiqardi

Western Digital kompaniyasi postkvant kriptografiyasini qoʻllab-quvvatlovchi Ultrastar UltraSMR qattiq disklarini taqdim etdi. Bu server drayverlari va maʼlumotlarni saqlash infratuzilmasi darajasida kelajakdagi kvant hujumlaridan himoyalanishni taʼminlashga qaratilgan dunyodagi ilk urinishlardan biridir. Gap kvantli shifrlash haqida emas, balki hatto kuchli kvant kompyuterlari paydo boʻlganda ham barqaror qoladigan yangi avlod kriptografik algoritmlari haqida bormoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bugungi kunda RSA va ECC kabi himoya usullari oddiy kompyuterlar uchun ishonchli hisoblansa-da, nazariy jihatdan kvant tizimlari ularni ancha tez buzib kirishi mumkin. Yangi Western Digital drayverlarida AQSHning NIST instituti tomonidan tasdiqlangan ML-DSA-87 algoritmi qoʻllanilgan. Ushbu matematik panjaralarga asoslangan raqamli imzo algoritmi qurilmaning proshivkasi va xizmat koʻrsatuvchi dasturiy taʼminoti haqiqiyligini tekshirish uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, kompaniya yangi postkvant algoritmini klassik RSA-3072 bilan birlashtirgan gibrid sxemadan foydalanmoqda. Bunday yondashuv mavjud infratuzilma bilan moslikni saqlab qolish imkonini beradi: eski tizimlar odatiy kriptografiya bilan ishlashda davom etadi, yangilari esa kvant tahdidlaridan qoʻshimcha himoyaga ega boʻladi. Texnologiyaning asosiy maqsadi proshivkani xavfsiz yuklash va kriptografik kalitlarni saqlashga masʼul boʻlgan "ishonch zanjiri"ni himoya qilishdir.
Western Digital mutaxassislarining fikricha, kelajakda asosiy xavf maʼlumotlarning oʻziga emas, balki saqlash qurilmalarining proshivkasini almashtirishga qaratiladi. Agar tajovuzkor proshivka darajasiga zararli kod kirita olsa, u drayver orqali oʻtadigan barcha maʼlumotlarga kirish imkoniga ega boʻladi. Shuningdek, yangi texnologiya maʼlumotlarni hozir oʻgʻirlab, yillar oʻtib kvant kompyuterida shifrdan chiqarishni koʻzda tutuvchi "harvest now, decrypt later" ssenariysidan ham himoya qiladi.
Hozircha ushbu texnologiya asosan korporativ sektor, maʼlumotlar markazlari (data-center) va bulutli infratuzilmalar uchun moʻljallangan. Western Digital maʼlumotlariga koʻra, yangi qattiq disklar allaqachon yirik mijozlar tomonidan sinovdan oʻtkazilmoqda.













