Igor Kolyvanov Rossiya Italiya bilan o'yin o'tkazishiga ishonadi

Sobiq futbolchi Igor Kolyvanov 2026 yilda Rossiya terma jamoasi Italiyaga qarshi uchrashuv o‘tkazishi mumkinligiga ishonmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ma’lumki, UEFA va FIFA sanksiyalari sabab Rossiya termasi qariyb to‘rt yildan beri faqat o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish huquqiga ega.
Kolyvanovning fikricha, 2026 yilda Rossiya – Italiya bahsini tashkil etish ehtimoli butunlay yo‘q emas. U bu borada yaqinda Franchesko Tottining Rossiyaga kelganini ham misol keltirdi. «Italiya hozir top-darajadagi jamoa emas, ularga ham o‘z saviyasini oshirish kerak. Rossiyaga qarshi o‘yin bu jihatdan foydali bo‘ladi», — deya Kolyvanovning so‘zlarini Metaratings keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, Igor Kolyvanov futbolchilik faoliyati davomida Italiyada ham o‘ynagan: u «Fodja» va «Bolonya» klublarida to‘p surgan.
Rossiya terma jamoasining navbatdagi yig‘ini mart oyi oxirida bo‘lib o‘tadi. Avvalroq Valeriy Karpin boshqaruvidagi jamoa raqiblaridan biri Mali terma jamoasi bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.













