Hisense toʻrtta barabanli 15 kg sigʻimli kir yuvish va quritish mashinasini chiqardi

Hisense kompaniyasi Xitoy bozorida WD100E3Q2+WV50G-1 rusumli gibrid kir yuvish va quritish tizimini taqdim etdi. Ushbu qurilma kiyimlarga ishlov berish uchun moʻljallangan toʻrtta alohida hududga ega boʻlgan noodatiy konstruksiyasi bilan ajralib turadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi modelning umumiy yuklama sigʻimi 15 kg ni tashkil etadi. Tizim klassik kir yuvish va quritish funksiyalarini nozik matolar hamda poyabzallar uchun moʻljallangan maxsus mini-boʻlinmalar bilan birlashtiradi. Qurilmaning yuqori qismida har biri 1 kg gacha yuklama oladigan ikkita ixcham seksiyalar joylashgan boʻlib, ular paypoq yoki ichki kiyimlar kabi nozik buyumlar uchun moʻljallangan.
Ularning pastki qismida poyabzallarni parvarish qilish va yumshoq rejimda yuvish uchun moʻljallangan alohida 3 kg li boʻlinma oʻrin olgan. Asosiy pastki blok esa 10 kg gacha kir yuvish va 7 kg gacha quritish imkoniyatiga ega boʻlgan klassik kir yuvish mashinasidan iborat.
Bunday tuzilma turli toifadagi kiyimlarni bir vaqtning oʻzida saralangan holda yuvish imkonini beradi va jarayonni sezilarli darajada tezlashtiradi. Mazkur qurilma uy sharoitida kengaytirilgan imkoniyatlarga ega oʻziga xos "mini-kirxona" vazifasini oʻtaydi. Eslatib oʻtamiz, yil boshida Hisense uchta barabanli modelni ham namoyish etgan edi.













