Rivojlanish kubogi. O‘zbekiston U-17 Qozog‘istonni yengib bronzani oldi

Rivojlanish kubogi. O‘zbekiston U-17 Qozog‘istonni yengib bronzani oldi

U-17 Rivojlanish kubogida bronza medali uchun o‘tgan bahs haqiqiy dramali ssenariyga aylandi. Sergey Chigodayev shogirdlari 3-o‘rin uchun o‘yinda Qozog‘istonni 3:2 hisobida mag‘lub etib, musobaqani medal bilan yakunladi.

Uchrashuv avvalida jamoalar ehtiyotkorlik bilan o‘ynagan bo‘lsa-da, hisob 23-daqiqada ochildi: Rasul Akimov aniq zarba bilan Qozog‘istonni oldinga olib chiqdi — 1:0. Qozog‘istonliklar yana hisobni oshirishga muvaffaq bo‘lishdi: 42-daqiqada Meiram Baltabayev gol urdi va tanaffusga jamoalar 2:0 hisobida yo‘l oldi.

Ikkinchi bo‘limda o‘yinning eng “qiziq” burilishi kuzatildi. 54-daqiqada Meiram Baltabayevning avtogoli sabab O‘zbekiston hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi — 2:1. Shundan keyin har ikki jamoa g‘alaba uchun borini tashladi: temp oshib ketdi, maydonda keskinlik ham, ehtiros ham ko‘paydi.

O‘yin so‘nggi daqiqalarda hal bo‘ldi. 79-daqiqada Suhrob Sadirjonov juda muhim gol urdi — 2:2. Oradan bir daqiqa ham o‘tmay, 80+1 da Mironshoh Eshpo‘latov o‘z nomini tabloga yozdirib, g‘alaba goliga mualliflik qildi — 2:3. Shu tariqa Qozog‘iston 3-o‘rin uchun bahsda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

U-17 Rivojlanish kubogi

3-o‘rin uchun bahs

Qozog‘iston — O‘zbekiston 2:3

Gollar: Rasul Akimov 23’, Meiram Baltabayev 42’ – Meiram Baltabayev avtogol 54’, Suhrob Sadirjonov 79’, Mironshoh Eshpo‘latov 80+1’

Boshlang‘ich tarkib: Denis Juravlyov, Mirjamol Anvarov, Mashhurbek Abdisoliyev, Abubakir Rahimov, Adis Abdunabiyev, Islom Ravshanov, Mikromil Murodov, Muhammad Mamatov, Jahongirmirzo O‘ktamboyev, Asilbek Aliyev, Laziz Abduraimov.

Zaxiradagilar: Olim Shomurodov, Elsevar Olimov, Mironshoh Eshpo‘latov, Ahrorbek Ravshanov, Amirxon Erkinov, Bilol Aliyev, Muhammadodilxon Orifxonov, Suhrob Sadirjonov, Rustam Aliyev, Abdulboriy Zoidjonov.

Qisqasi, bu g‘alaba shunchaki 3-o‘rin emas — yoshlarimizning xarakterini ko‘rsatgan bellashuv bo‘ldi. So‘nggi daqiqalardagi ikki gol esa: “o‘yin tugamaguncha hech narsa hal bo‘lmaydi” degan haqiqatni yana bir bor isbotladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.