“Bavariya” Madridda “Real”ni mag‘lub etib ustunlikka erishdi

“Bavariya” Madridda “Real”ni mag‘lub etib ustunlikka erishdi

Yevropa Chempionlar ligasining chorakfinal bosqichidagi eng kutilgan markaziy to‘qnashuvlardan biri Madridda bo‘lib o‘tdi. “Real” o‘z maydonida Germaniyaning grand klubi “Bavariya”ni qabul qildi. Muxlislar intiqlik bilan kutgan ushbu bahs yuqori surʼat, keskin kurash va dramatik lahzalarga boy tarzda o‘tdi.

Uchrashuv 2:1 hisobida mehmonlar — “Bavariya”ning g‘alabasi bilan yakunlandi. Birinchi bo‘lim so‘nggi daqiqalarida Luis Dias jamoasini oldinga olib chiqib, hisobni ochdi. Uning goli nemis klubiga ruhiy ustunlik berdi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilanoq “Bavariya” hujumni yana-da kuchaytirdi va 46-daqiqada Harri Keyn farqni ikkitaga oshirdi. Bu gol “Real” uchun jiddiy signal bo‘ldi va mezbonlar hujumni faollashtirishga majbur bo‘lishdi.

Madridliklar javob golini 74-daqiqada kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Trentning aniq va o‘ta qulay uzatmasidan so‘ng Kilian Mbappe vaziyatdan unumli foydalanib, Noyer darvozasini ishg‘ol qildi. Bu gol o‘yinga intriga qaytardi, ammo qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi.

YECHL. Chorakfinal

“Real” – “Bavariya” 1:2

Gollar: Mbappe 74 – Dias 41, Keyn 46

“Real”: Lunin, Trent, Ryudiger, Heysen (Militao, 62), Karreras, Guler (Brahim Dias, 71), Valverde, Chuameni, Tiago (Bellinghem, 62), Mbappe, Vinisius.

“Bavariya”: Noyer, Upamekano, Ta, Kimmix, Gnabri (Musiala, 69), Pavlovich, Stanishich, Olise, Laymer (Devis, 69), Luis Dias, Keyn.

Ogohlantirishlar: Chuameni 36 – Ta 71, Luis Dias 77, Noyer 82.

Shu tariqa, “Bavariya” safarda muhim g‘alabaga erishib, javob uchrashuvi oldidan ustunlikka ega bo‘ldi. Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 15 aprel kuni Myunxendagi \"Arena Myunxen\" stadionida bo‘lib o‘tadi. Arbeloa shogirdlari endi safarda faqat g‘alaba uchun maydonga tushishlari talab etiladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.