Thomas Tuchel nima uchun Harry Maguire, Fil Foden va Cole Palmerni tarkibga olmadi?

Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Thomas Tuchel Jahon chempionati uchun e'lon qilingan tarkibdan Harry Maguire, Fil Foden va Cole Palmer kabi yulduzlarni chetda qoldirish qarorini izohladi. Germaniyalik mutaxassis bu qarorlarni qabul qilish "azobli darajada qiyin" bo'lganini tan oldi, biroq jamoada muvozanatni saqlash hamda "ishtiyoq va hayajon"ga asoslangan guruh shakllantirish muhimligini ta'kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Tuchelning so'zlariga ko'ra, yakuniy ro'yxatni shakllantirishda sentyabr, oktyabr va noyabr oylaridagi UEFA Millatlar ligasi yig'inlari asosiy omil bo'lgan. Murabbiy ko'p yillar davomida terma jamoaning o'zagini tashkil etgan tajribali futbolchilarga turnirga bormasliklarini aytish faoliyatidagi eng og'ir vazifalardan biri bo'lganini yashirmadi.
"Bu juda qiyin qo'ng'iroqlar bo'ldi, chunki men ularning barchasini futbolchi va shaxs sifatida hurmat qilaman. Ularning har biri biz bilan lagerlarda bo'lishgan va o'zlarini ko'rsatishgan. 55 kishilik kengaytirilgan ro'yxatdan kimnidir chiqarib tashlash har doim og'riqli, hatto telefon orqali gaplashayotganda ham ularning his-tuyg'ularini sezib turdim", — dedi Thomas Tuchel.
Murabbiyning tushuntirishicha, Angliya terma jamoasi tarkibni faqat nomdor futbolchilar bilan to'ldirib tashlay olmaydi, ayniqsa hujumkor yarim himoyachilar borasida muvozanatni saqlash zarur. Uning fikricha, yulduzlarni o'zlari o'rganmagan pozitsiyalarda o'ynatishdan ko'ra, jamoaga yangi qon va ishtiyoq olib kiradigan yoshlarga ishonch bildirish foydaliroq.
"Bizda katta ishtiyoq bilan to'p suradigan yosh futbolchilar bor. Bu yoshlik va tajriba, navqironlik va yetakchilikning ajoyib uyg'unligi bo'ldi. Sentyabr oyidan beri shakllangan guruhdagi muhit bizga eng yaxshi natijani berishiga ishonaman", — deya xulosa qildi murabbiy.













