Kompani “Bavariya” g‘alabasidan mamnun, keyingi bosqichga chiqishga ishonadi

Kompani “Bavariya” g‘alabasidan mamnun, keyingi bosqichga chiqishga ishonadi

Yevropa Chempionlar ligasi chorakfinali doirasida «Real Madrid» ustidan muhim g‘alabaga erishgan “Bavariya” jamoasi bosh murabbiyi Vensan Kompani o‘yindan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Belgiyalik mutaxassis jamoasining namoyish etgan o‘yinidan qoniqqanini yashirmadi.

Kompani taʼkidlashicha, «Santyago Bernabeu» kabi stadionda o‘ynash har doim oson emas. Ayniqsa, uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida mezbonlar bosimni keskin oshiradi. Shunga qaramay, “Bavariya” futbolchilari bu vaziyatga tayyor bo‘lgan va o‘zini munosib tuta olgan.

«Bu juda og‘ir va sinovli o‘yin bo‘ldi. “Bernabeu”da so‘nggi daqiqalar har doim bosimli kechadi, lekin jamoam bunga tayyor edi. Bizda yana bir nechta yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi, afsuski, ulardan to‘liq foydalana olmadik. Javob o‘yinida yana gol urishga intilamiz», — dedi u.

Murabbiyning fikricha, hozirgi vaziyatda “Bavariya”ning yarim finalga chiqishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Shu bilan birga, u raqib jamoaning salohiyatini ham yuqori baholadi.

«Men “Bavariya” keyingi bosqichga chiqa olmasligi uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman. Lekin “Real” — juda kuchli va tajribali raqib. Shuning uchun hech narsa oldindan hal bo‘lib qolmagan», — deya qayd etdi Kompani.

Shuningdek, u jamoa darvozaboni Manuel Noyerning o‘yiniga alohida to‘xtalib, uning yana bir bor yuqori darajasini namoyon etganini taʼkidladi. Uning fikricha, tajribali golkiper jamoa muvaffaqiyatida hal qiluvchi o‘rin tutadi.

«Noyer yana bir bor o‘z salohiyatini ko‘rsatdi. U biz uchun juda muhim futbolchi», — deya so‘zini yakunladi murabbiy.

Endi barcha eʼtibor javob bahsiga qaratilgan. Unda qaysi jamoa yarim finalga yo‘l olishi hal bo‘ladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.