Rafinya hakamlikni qattiq tanqid qildi, norozilik bildirdi

Rafinya hakamlikni qattiq tanqid qildi, norozilik bildirdi

“Barselona” jamoasining vingeri Rafinya jarohati sabab muhim o‘yinni o‘tkazib yubordi. Biroq u maydondan tashqarida ham katta shov-shuv uyg‘otdi. Jamoasi UEFA Chempionlar ligasidan chiqib ketganidan so‘ng, u “Atletiko”ga qarshi ikki o‘yinli duel haqida keskin fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy hisob 2:3 bo‘lgan uchrashuvlarda jamoasiga nisbatan adolatsiz qarorlar qabul qilingan. Rafinya hakamlar ishini qattiq tanqid qilib, ularning faoliyati juda past darajada bo‘lganini taʼkidladi.

- \"Menimcha, bu o‘yin bizdan ochiqchasiga o‘g‘irlab ketildi. Hakamlarning ishi juda past darajada bo‘ldi, ularning qarorlari tushunarsiz edi\", - dedi Rafinya.

Futbolchi fikricha, raqib tomon ko‘p bor qoida buzgan bo‘lsa-da, hakamlar biror marta ham ogohlantirish bermagan. U “Barselona”ga g‘alaba uchun yetarli imkoniyat berilmaganini alohida qayd etdi.

- \"Raqib juda ko‘p bor o‘yin qoidasini buzdi, ammo hakam biror marotaba ham ogohlantirish bermadi. Nega “Barselona”ga g‘alaba qozonishga imkoniyat berilmagani menga tushunarsiz\", - dedi Rafinya.

Rafinyaning taʼkidlashicha, o‘yinda muvaffaqiyatga erishish uchun odatdagidan bir necha barobar ko‘proq kuch sarflashga to‘g‘ri kelgan, bu esa vaziyatni yana-da qiyinlashtirgan.

- \"Muvvafaqiyatga erishish uchun odatdagidan uch barobar ko‘proq kuch sarflash kerak bo‘lganini tushunish qiyin edi\", - dedi Rafinya.

U hakam xatolari inson omili ekanini tushunishini aytgan bo‘lsa-da, ketma-ket ikki uchrashuvda bir xil xatolar takrorlanishi jiddiy savollar uyg‘otishini bildirdi.

- \"Xato qilish insoniy omil, buni tushunaman. Lekin ketma-ket 2 o‘yinda shunday xatolar haqida nima deyish mumkin?\", - dedi Rafinya.

Futbolchi fikricha, ikki o‘yin ham adolatli o‘tmagan va keyingi bosqichga chiqish imkoniyati jamoadan “tortib olingan”. U hatto hakamlar nima uchun “Barselona” g‘alaba qozonishidan xavotirlanishini ham tushunolmasligini aytdi.

- \"Ikki o‘yin adolatli o‘tmadi, keyingi bosqich masalasini bizdan o‘g‘irlashdi. Hakamlar nima sababdan Barselonaning g‘alaba qozonishidan qo‘rqishlarini bilishni istayman\", - dedi futbolchi.

Shu tariqa Rafinyaning bayonoti Yevropa futbolida hakamlik mavzusini yana bir bor muhokama markaziga olib chiqdi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.