SpaceX yangi avlod Starship V3 parvozini soʻnggi soniyalarda toʻxtatdi

SpaceX yangi avlod Starship V3 parvozini soʻnggi soniyalarda toʻxtatdi

SpaceX kompaniyasi Texasdagi Starbase poligonidan uchinchi avlod Starship raketa tizimining ilk parvozini startga sanoqli soniyalar qolganda bekor qildi. Kompaniya juma kuni parvozni qayta amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu missiya nafaqat yangilangan Starship V3 apparatining ilk sinovi boʻlgani uchun, balki SpaceX moliyaviy holati uchun ham oʻta muhimdir. Yaqinda IPO uchun ariza topshirgan kompaniya bir necha haftadan soʻng ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylanishi kutilmoqda, bu esa yangi avlod raketalari dasturida sezilarli natija koʻrsatish bosimini oshiradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Starship tizimining 12-parvozi boʻlishi kutilayotgan ushbu missiya 2025-yil oktabrdagi urinishdan keyingi birinchi parvozdir. SpaceX oʻtgan oylar davomida Starship V3 versiyasini ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish bilan band boʻldi. Noyabr oyida oʻtkazilgan sinovlarda V3 kuchaytirgichlaridan biri portlab ketgan edi. Payshanba kungi start bir necha bor ortga surildi va ortga hisoblash T-40 soniyaga yetganda toʻxtatildi. Elon Musk oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida parvoz minorasining gidravlik mahkamlagichi ochilmaganini maʼlum qildi.

Starship V3 versiyasi dizayn va infratuzilma jihatidan ulkan yangilanishlarni oʻz ichiga oladi. Eng katta oʻzgarishlardan biri uchinchi avlod Raptor dvigatellari boʻlib, ular soddalashtirilgan dizaynda koʻproq tortish kuchini taʼminlaydi. Shuningdek, yangi dizayn avvalgi parvozlarda muammo tugʻdirgan yoqilgʻi sizib chiqishi holatlarining oldini olishga qaratilgan. Kompaniyaning asosiy maqsadi — Falcon 9 raketasi kabi butun tizimni toʻliq koʻp marta ishlatiladigan holatga keltirishdir.

Ushbu parvoz reja boʻyicha amalga oshsa ham, SpaceX barcha maqsadlariga erisha olmaydi. Kompaniya bu safar raketa kuchaytirgichini yoki kemaning oʻzini qaytarib qoʻndirishni rejalashtirmayapti. Ikkala qism ham suvga — Atlantika va Hind okeanlariga yumshoq qoʻnishi kutilmoqda. Starship V3 tizimi SpaceX uchun juda muhim, chunki kompaniya oʻtgan yili 11 milliard dollar daromad keltirgan Starlink loyihasiga katta tikish tikkan. Hozircha yangi raketa tizimi orqali koinotga ishchi holatdagi sunʼiy yoʻldoshlar chiqarilgani yoʻq.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.