1003 ot kuchi va 300 km/soat: Xiaomi YU7 Standard va GT taqdim etildi

Xiaomi kompaniyasi oʻzining elektr krossoverlar oilasiga mansub ikki yangi model — Xiaomi YU7 Standard va Xiaomi YU7 GT avtomobillarini rasman namoyish etdi. Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, ushbu modellar yuqori unumdorlikka ega hashamatli elektr krossoverlar liniyasining har tomonlama yangilangan talqinidir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xiaomi YU7 GT modeli treklar uchun moʻljallangan boʻlib, u 1003 ot kuchiga ega ikki motorli tizim bilan jihozlangan. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka bor-yoʻgʻi 2,92 soniyada erishadi, maksimal tezligi esa 300 km/soatni tashkil etadi. Krossover 101,7 kW·soat quvvatli uchlamchi litiy-ionli akkumulyator bilan taʼminlangan boʻlib, CLTC standarti boʻyicha 705 km masofani bosib oʻta oladi.
Boshlangʻich Xiaomi YU7 Standard versiyasi 5,9 soniyada 100 km/soat tezlikka chiqadi va maksimal 220 km/soat tezlikda harakatlanadi. Uning 73 kW·soatli litiy-temir-fosfatli akkumulyatori 643 km masofani kafolatlaydi. Shuningdek, 15 daqiqalik tezkor quvvatlash orqali yurish masofasini 385 km ga uzaytirish imkoniyati mavjud.
Yangi seriya 16,1 dyuymli markaziy panel va yangilangan XiaoAi AI ovozli yordamchisi bilan jihozlangan. Barcha modellar NVIDIA DRIVE AGX Thor hisoblash platformasiga asoslangan ilgʻor haydovchiga koʻmaklashish tizimi (ADAS) hamda koʻchadagi ovozli parkovka funksiyasini oʻz ichiga oladi.
Narxlar masalasiga kelsak, Xiaomi YU7 Standard modeli 233 500 yuandan (taxminan 34 330 dollar), kuchaytirilgan Xiaomi YU7 GT esa 389 900 yuandan (taxminan 57 326 dollar) boshlanadigan narxlarda sotuvga chiqariladi.













