Oʻzbekiston Superligasida qiziq tur: derbilar va intriga kutilmoqda

Oʻzbekiston Superligasida qiziq tur: derbilar va intriga kutilmoqda

Oʻzbekiston Superligasida 10-tur start olmoqda va bu galgi tur muxlislar uchun haqiqiy futbol bayramiga aylanishi kutilmoqda. Bir qator derbilar, prinsipial toʻqnashuvlar va kutilmagan natijalar ehtimoli — hammasi bor. Demak, bu turni oʻtkazib yuborish — oʻzingga qarshi ishlash bilan teng.

27 aprel kuni dastlabki oʻyinlarda «OKMK» va «Lokomotiv» oʻzaro kuch sinashadi. Mirjalol Qosimov shogirdlari mavsumni qiyin boshlagan boʻlsa-da, soʻnggi turlarda oʻzini tiklab oldi — 4 oʻyindan beri magʻlubiyat yoʻq. «Loko» esa raqibidan ikki ochko ustun. Toshkent derbisi har doim kutilmagan ssenariyga boy boʻladi.

Shu kuni «Mashʼal» — «Buxoro» bahsi ham diqqat markazida. 9 turdan beri yutqazayotgan muborakliklar nihoyat murabbiyni almashtirdi. Endi jamoani Eldor Sakayev boshqaradi. Yangi nafas bera oladimi yoki seriya davom etadimi — asosiy savol shu.

28 aprel kuni «Andijon» oʻz maydonida «Dinamo»ni qabul qiladi. «Burgutlar»da oʻyin asta-sekin joyiga tushmoqda, natijalar ham yaxshilanmoqda. «Dinamo» esa hali barqarorlikni topa olgani yoʻq. «Bobur arena»dagi atmosfera esa alohida shou boʻlishi aniq.

«Soʻgʻdiyona» — «Surxon» qarama-qarshiligida esa ehtiyotkor futbol kutish mumkin. Jizzaxliklar himoyada muammolarga ega, ammo har bir ochko ular uchun oltinga teng.

Turning markaziy oʻyini — «Paxtakor» va «Nasaf» toʻqnashuvi. «Ajdarlar»da yetakchilar ketishi taʼsir qilmoqda, «sherlar» esa oʻz uslubida barqaror. Sobiq «nasaf»chilarning yangi jamoasi tarkibida “Ajdarlar”ga qarshi oʻyini alohida intriga qoʻshadi.

29 aprel kuni Fargʻona derbisi — «Neftchi» va «Qoʻqon-1912» oʻrtasidagi bahs ham katta qiziqish uygʻotadi. Bu oʻyinda favorit — maydon egalari, lekin derbida logika har doim ham ishlamaydi.

«Qizilqum» — «Xorazm» uchrashuvi esa mutlaqo teng raqiblar oʻyini. Har ikki jamoa 12 ochkodan jamgʻargan — demak, har qanday natija real.

Turni «Bunyodkor» — «Navbahor» bahsi yakunlaydi. Moliyaviy muammolarga qaramay, «qaldirgʻochlar» kurashmoqda. Ammo «Navbahor» — jiddiy raqib. Bu oʻyinda hujumlar va emotsiyalar yetarli boʻlishi aniq.

Qisqacha aytganda, bu tur — drayv, derbi va dramalar miksi. Futbol bor joyda syurpriz bor. Demak, ekrandan uzoqlashmang.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.