Djed Spence jagʻi singaniga qaramay Everton bilan oʻyinda maydonga tushadi

Angliya Premer-ligasining navbatdagi turida Tottenxem Chelsi jamoasiga imkoniyatni boy berdi. Mazkur uchrashuvda "shporlar" himoyachisi Djed Spence jiddiy jarohat oldi. Liam Delap bilan toʻqnashuvda tirsak bilan berilgan zarba natijasida futbolchining jagʻi sindi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
The Athletic nashri xabariga koʻra, jarohat ogʻirligiga qaramay, Spence mavsumning soʻnggi oʻyinida jamoasiga yordam bermoqchi. Buning uchun tibbiy xodimlar futbolchi uchun maxsus himoya niqobini tayyorlashmoqda. Djed Spence ushbu niqobda Everton klubiga qarshi bahsda maydonga tushishi kutilmoqda.
Roberto De Zerbi boshqaruvidagi jamoa uchun bu juda muhim yangilik, sababi Tottenxem ayni damda jiddiy kadrlar muammosiga duch kelgan. Jamoaning asosiy tarkib oʻyinchilari Dejan Kulusevski, Mohammed Kudus, Ben Davies, Xavi Simons va Cristian Romero jarohat sababli safdan chiqqan.
Hozirda Tottenxem Angliya Premer-ligasida jon saqlab qolish uchun kurashmoqda. Vest Xem Yunayted bilan raqobatda "shporlar"ning imkoniyati yuqoriroq baholanmoqda. Everton bilan oʻyindagi gʻalaba yoki durang natija jamoaning elitada qolishini matematik jihatdan kafolatlaydi.
Eslatib oʻtamiz, Tottenxem 1977-yildan buyon yuqori divizionni tark etmagan. Shu bilan birga, joriy mavsum shimoliy Londonning boshqa bir klubi — Arsenal uchun muvaffaqiyatli keldi va ular 2004-yildan buyon ilk bor chempionlikni qoʻlga kiritishdi.













