Clara Serrajordi: Barselona va Ispaniyaning yangi yulduzi

Aprel oyida Barselona ketma-ket yettinchi bor Liga F chempionligini qoʻlga kiritganida, 18 yoshli Clara Serrajordi jamoaning muvaffaqiyatlar tarixi haqida koʻp ham oʻylamagan edi. "Espanyol"ga qarshi hal qiluvchi bahsda 90 daqiqa harakat qilgan yosh iqtidor sohibasi klubning doimiy gʻalabalariga oʻrganib qolgan avlod vakilidir. Jamoa sardori Patri Guijarro yosh futbolchiga klub har doim ham bunday ustunlikka ega boʻlmaganini tushuntirishiga toʻgʻri keldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Serrajordi bolaligida "Kamp Nou" tribunalaridan turib Alexia Putellas, Patri Guijarro va Aitana Bonmati kabi yulduzlarning oʻyinini hayrat bilan kuzatgan boʻlsa, bugun u ular bilan bir safda maydonga tushmoqda. Moliyaviy cheklovlar tufayli Barselona oʻtgan transfer oynasida faqat birgina tajribali futbolchini tarkibga qoʻshib oldi, bu esa akademiyaning yosh iqtidorlariga, xususan, Serrajordiga asosiy tarkib eshiklarini keng ochdi.
Llinars del Valles qishlogʻida tugʻilgan yarim himoyachi klubning yoshlar tizimi mahsulidir. U Ispaniya terma jamoasi safida 17 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasidagi Yevropa chempionatida gʻolib chiqdi va Jahon chempionati finaliga qadar yetib bordi. 2025-yilda esa 19 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasidagi Yevro turnirining ramziy terma jamoasidan joy oldi.
2024-25-yilgi mavsumda debyut qilgan Clara Serrajordi joriy 2025-26-yilgi mavsumda Barselona ayollar jamoasining ajralmas qismiga aylandi. U Aicha Camara bilan birgalikda asosiy tarkibga toʻliq oʻtkazildi va jamoaning ichki chempionatda trebl qayd etishi hamda Chempionlar ligasi finaliga chiqishida katta hissa qoʻshdi. Uning maydonni koʻrish qobiliyati va texnikasi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda.













