Prezident futbolchilarga ishonch bildirib, mardona o‘ynashga chaqirdi (foto)

Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati oldidan futbolchilar, murabbiylar shtabi va butun futbol jamoatchiligini tarixiy yutuq bilan samimiy tabrikladi.
Prezident ta’kidlaganidek, O‘zbekiston xalqi bu kunlarni 34 yil davomida intizorlik bilan kutdi. Milliy terma jamoamizning ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani nafaqat sportdagi g‘alaba, balki butun mamlakat uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Shu ma’noda, bu futbolchilarni O‘zbekiston futbol tarixida yangi sahifa ochgan zamonamiz qahramonlari deb atash mumkin.
Davlat rahbari futbolchilarning har bir o‘yinga yuksak mas’uliyat, kuchli tayyorgarlik va vatansevarlik ruhi bilan maydonga tushganini alohida ta’kidladi. Ularning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi, irodasi va kurashuvchanligi xalqimizga olam-olam quvonch bag‘ishladi. Prezident mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan kun o‘zini ham cheksiz hayajon va faxr chulg‘ab olganini aytdi.

“To‘g‘risini aytsam, mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan kuni ko‘zimga uyqu kelmadi. Barcha yurtdoshlarimiz kabi men ham ich-ichimdan quvondim, bayram qildim”, — dedi davlat rahbari.
Prezident futbolchilar, ularni voyaga yetkazgan ota-onalar, ustozlar va murabbiylarga minnatdorlik bildirdi. Chunki bu yutuq faqat maydondagi 11 nafar futbolchining emas, balki yillar davomida qilingan mehnat, sabr, tarbiya va ishonchning samarasidir.
Uchrashuvda madaniyat, adabiyot va san’at vakillari ham ishtirok etgani qayd etildi. Davlat rahbari shoirlar, adiblar va san’atkorlar futbolchilar jasoratidan ilhomlanib, yangi she’rlar, asarlar, qo‘shiqlar va madhiyalar yaratayotganini ta’kidladi. Bu terma jamoamizning yutug‘i sportdan tashqari, butun jamiyatga ruh va ilhom berayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, tadbirkorlar ham futbolchilar muvaffaqiyati orqali milliy brendlarni dunyoga tanitish, yangi bozorlarga chiqish va O‘zbekiston nomini xalqaro maydonda yanada kengroq targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘layotgani aytildi. Demak, milliy jamoaning mundialga chiqishi nafaqat sport, balki iqtisod, madaniyat va yoshlar ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Prezident futbolchilar yoshlar uchun haqiqiy o‘rnakka aylanganini ham alohida qayd etdi. Bugun yurtimizda “men ham mashhur futbolchi bo‘laman” degan bolalar safi ortib bormoqda. Bu esa futbolning tarbiyaviy, ruhiy va ijtimoiy ta’siri qanchalik katta ekanini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda sport, ayniqsa futbol infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Joylarda 200 dan ortiq yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. 1,5 mingdan ziyod mahallada sport maydonchalari qurildi. Toshkentda zamonaviy Olimpiya shaharchasi barpo etildi, Yuqori Chirchiqda “Milliy futbol markazi” faoliyat boshladi. Har bir viloyatda professional futbol akademiyalari va futbol maktablari tashkil qilindi.
Bu ishlar natijasida havaskor futbolchilar soni 5 millionga yetdi. Futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 1 million 300 ming nafardan oshdi, professional futbolchilar soni esa 17 mingga yetdi. Eng muhimi, futbolda korrupsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga qarshi kurash kuchaytirilib, ochiq va shaffof tizim yaratilgani ta’kidlandi. Aynan shu muhit haqiqiy iqtidorlarni katta maydonga olib chiqmoqda.
Davlat rahbari futbolni faqat professional sport turi emas, balki yoshlar tarbiyasi, sog‘lom turmush, intizom va vatansevarlik maktabi sifatida baholadi. Shu maqsadda “Har bir mahalla — futbol maydoni” dasturi boshlanishi ma’lum qilindi. Bu tashabbus umummilliy harakatga aylanishi kutilmoqda.

Dastur doirasida “Mahalla ligasi” tashkil etiladi. Unda 12-17 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida mahalla futbol jamoalari tuziladi. Har yili “mahalla — tuman — viloyat — respublika” bosqichlaridan iborat musobaqalar o‘tkaziladi. Bu loyiha kelajakda professional klublar uchun iqtidorli futbolchilarni saralashda tayyor baza vazifasini o‘taydi.
Uchrashuvda terma jamoa bilan mashhur mutaxassis Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishlayotgani ham qayd etildi. 2006 yilgi Jahon chempionatida Italiya terma jamoasi sardori sifatida chempion bo‘lgan Kannavaro o‘z faoliyatida “Oltin to‘p” sovrinini ham qo‘lga kiritgan kam sonli himoyachilardan biri hisoblanadi. Prezident uni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tiladi.
«Fursatdan foydalanib, Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtirokini tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tilayman», – dedi davlatimiz rahbari.
Kannavaro jamoaga jismoniy tayyorgarlik, hujumchilar bilan ishlash, tibbiy xizmat, nutritsiologiya va ovqatlanish yo‘nalishida xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilgani ham e’tirof etildi. Bu Jahon chempionati kabi ulkan musobaqa oldidan terma jamoa tayyorgarligini yanada professional bosqichga olib chiqadi.

Prezident futbolchilarga murojaat qilib, mundialda oson o‘yin bo‘lmasligini ta’kidladi. O‘zbekiston Portugaliya, Kolumbiya va Kongo kabi terma jamoalarga qarshi maydonga tushadi. Tabiiyki, xalq har bir bahsda g‘alaba kutadi. Ammo davlat rahbari futbolchilar tarixni allaqachon yaratib bo‘lganini, endi maydonga ortiqcha bosimsiz, hech kimdan hayiqmasdan tushish kerakligini aytdi.
“Endi futbolchilarga qarata aytmoqchiman: jahon chempionatida oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Sizlar Portugaliya, Kolumbiya, Kongo kabi terma jamoalar bilan o‘ynaysizlar. Xalqimiz har bir o‘yinda sizlardan g‘alaba kutishi tabiiy, albatta.
Lekin bir narsani doimo yodda tuting: sizlar tarixni allaqachon yaratib bo‘ldingiz!
Oldingizda turgan muhim uchrashuvlarda ortiqcha bosimsiz, hech kimdan hayiqmasdan, boringizni berib o‘ynang. Har bir to‘p, har bir vaziyat, maydonning har bir qarichi uchun oxirigacha kurashing!” — dedi Prezident.
Davlat rahbari Jahon chempionatida terma jamoamizni fan-klublar, minglab muxlislar va Amerikadagi vatandoshlarimiz stadionlardan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Shu bilan birga, 40 millionga yaqin xalqimiz har bir o‘yinni ekran ortidan katta hayajon bilan kuzatadi. Bu futbolchilar uchun ulkan mas’uliyat, ammo shu bilan birga beqiyos kuch manbai hamdir.
Qisqasi, Prezidentning terma jamoa bilan uchrashuvi futbolchilar uchun katta ruhiy dalda bo‘ldi. O‘zbekiston ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l olmoqda va bu safar faqat ishtirok uchun emas, Vatan sharafini munosib himoya qilish uchun maydonga tushadi. Xalq ishonadi, Prezident ishonadi, endi navbat futbolchilarda: borini berish, mardona o‘ynash va O‘zbekiston nomini dunyo maydonida baland jaranglatish.













