Alvaro Arbeloa Real Madrid bosh murabbiyligidan ketishini tasdiqladi

Alvaro Arbeloa asosiy jamoa boshqaruvidagi toʻrt oylik faoliyatidan soʻng Real Madrid klubini tark etishini rasman eʼlon qildi. Sobiq himoyachi klub rahbariyati va futbolchilarga minnatdorchilik bildirdi. Ushbu ketish Jose Mourinhoʻning "Santyago Bernabeu"ga qaytishi haqidagi xabarlar fonida yuz bermoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arbeloa yanvar oyida mavsum boshida tayinlangan Xabi Alonso isteʼfoga chiqarilgach, Real Madrid B jamoasidan asosiy tarkibga oʻtkazilgan edi. Biroq, murabbiy almashinuvi kutilgan natijani bermadi: jamoa ham ichki, ham xalqaro maydonda sovrinsiz qoldi. Barselona jamoasiga qarshi El Klasikodagi 2:0 hisobidagi magʻlubiyat La Liga chempionligi poygasiga nuqta qoʻydi, Chempionlar ligasi chorak finalida esa Bavariya madridliklarni musobaqadan chiqarib yubordi.
Ispaniyalik mutaxassis oʻzining soʻnggi matbuot anjumanida klub bilan xayrlashar ekan, bu yakuniy vidolashuv emasligiga umid bildirdi. "Umid qilamanki, bu shunchaki koʻrishguncha degani, chunki men bu yerni doim oʻz uyim deb bilganman. Real Madrid tizimida 20 yil davomida turli lavozimlarda ishladim. Futbolchilarimdan cheksiz minnatdorman, ular meni yaxshiroq murabbiyga aylantirishdi", — dedi Arbeloa.
Arbeloa Jose Mourinhoʻning shtabida qolish ehtimolini rad etdi. Uning taʼkidlashicha, portugaliyalik mutaxassis oʻzining kuchli murabbiylar jamoasiga ega va Madridga ular bilan birga kelishi kerak. Arbeloa akademiyaga yoki oʻrinbosarlar jamoasiga qaytish oʻrniga, klub bilan butunlay xayrlashishga qaror qildi.
Ayni damda Jose Mourinhoʻning Real Madrid boshqaruviga qaytishi deyarli aniq boʻlib ulgurgan. Xabarlarga koʻra, 2010–2013-yillarda jamoani boshqargan murabbiy klub bilan ogʻzaki kelishuvga erishgan. Mourinho oʻzining yangi loyihasini noldan boshlash uchun oʻz yordamchilari bilan birga kelishi kutilmoqda.













