Diyego Simeone Pep Guardiola’ning charchoq haqidagi gaplariga qoʻshildi

Atletiko Madrid bosh murabbiyi Diyego Simeone Manchester Siti ustozi Pep Guardiola’ning ketish haqidagi qarorini toʻliq tushunishini va uning his-tuygʻularini baham koʻrishini maʼlum qildi. Simeone zamonaviy futboldagi tigʻiz taqvim va doimiy bosim murabbiylarni ruhan charchatib qoʻyadigan "toʻxtovsiz qor uyumi"ga oʻxshashini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
2025-26-yilgi mavsum yakunlanar ekan, Simeone Atletiko Madrid boshqaruvidagi eng ogʻir davrlardan birini boshdan oʻtkazganini tan oldi. Vilyarreal bilan oʻyin oldidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida argentinalik mutaxassis Pep Guardiola’ning xayrlashuv nutqi unga qattiq taʼsir qilganini yashirmadi. Uning soʻzlariga koʻra, garchi sovrinlar borasida farq boʻlsa-da, murabbiylikdagi ruhiy holat boʻyicha u oʻzini Guardiola bilan bir xil his qilmoqda.
"Toʻgʻrisi, kecha Guardiola’ning matbuot anjumanidagi gaplarini oʻqidim. Agar ismni oʻzgartirsangiz — men u kabi koʻp sovrin yutmagan boʻlsam-da — u aytgan hikoyada oʻzimni koʻrdim. Har uch kunda diqqat markazida boʻlish, futbolchilar bilan ishlash va guruhni boshqarish toʻxtovsiz qor uyumini hosil qiladi. Oʻyin tugashi bilan ikki kundan keyin hammasi yana boshidan boshlanadi", — dedi Simeone.
Simeone charchoqqa qaramay, oʻz jamoasining bu mavsumdagi harakatlaridan faxrlanishini va keyingi mavsumda yanada yuqori natijalarni koʻzlayotganini aytdi. Shuningdek, u Pep Guardiola’ni dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb atab, uning oʻzini qayta kashf qilish va gʻalaba qozonish qobiliyatiga yuqori baho berdi.
"U aql bovar qilmaydigan ishni bajardi. Manchester Siti kabi jamoada yulduzlar koʻp boʻlishi mumkin, lekin har yili gʻalaba qozonish va motivatsiya topish juda qiyin. Oʻylaymanki, u futboldan uzoq vaqt ketmaydi, bir-ikki yillik tanaffusdan soʻng albatta qaytadi, chunki u futbol bilan nafas oladi", — deya qoʻshimcha qildi Atletiko Madrid ustozi.













