Keir Starmer Arsenal va PSJ oʻrtasidagi finalni bepul namoyish etishni soʻradi

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keir Starmer TNT Sports telekanalini Chempionlar ligasi finali doirasidagi Arsenal hamda PSJ uchrashuvini mamlakat boʻylab bepul efirga uzatishga chaqirdi. "Kanonirlar" 2006-yildan buyon ilk bor Yevropaning eng nufuzli turniri finalida maydonga tushadi, biroq ayni damda muxlislar ushbu tarixiy lahzani tomosha qilish uchun pullik obunaga ega boʻlishlari talab etilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Maʻlumki, Keir Starmer ashaddiy Arsenal muxlisi hisoblanadi. U telekanal rahbariyatiga yoʻllagan maktubida 1992-yildan beri barcha finallar bepul koʻrsatilganini eslatib oʻtdi. "Musobaqa tashkil etilganidan buyon oʻtgan 34 yil ichida ilk bor TNT Sports finalni bepul koʻrsatmaslikka qaror qilganidan afsusdaman. Chempionlar ligasi dunyodagi eng yirik klublararo musobaqa va u futbol vatani boʻlgan ushbu mamlakat muxlislari uchun juda qadrli", — deb yozadi Bosh vazir.
Mikel Arteta shogirdlari yarim finalda Atletiko Madrid ustidan gʻalaba qozonib, yigirma yillik tanaffusdan soʻng Yevropa futboli choʻqqisiga qaytishdi. Shu haftaning oʻzida 2004-yildan beri ilk bor Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritgan London klubi endilikda tarixiy "dubl" qayd etishga yaqin turibdi. Starmerning taʻkidlashicha, oʻyinning hamma uchun ochiq boʻlishi faqat uning shaxsiy qiziqishlariga bogʻliq emas.
TNT Sports avvalgi yillarda finalni YouTube platformasida bepul translyatsiya qilish anʻanasidan voz kechib, tomoshabinlarni HBO Max platformasiga yoʻnaltirmoqda. Telekanal vakillari oʻz bayonotida uchta UEFA finallarini koʻrish uchun 4,99 funt sterling miqdoridagi bir oylik obuna yetarli ekanini va bu muxlislar uchun hamyonbop narx ekanini maʻlum qilishdi.













