Mikel Arteta: Chempionlar ligasi kubogini koʻtarishni intiqlik bilan kutyapmiz

Arsenal bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Premer-ligasidagi gʻalabadan soʻng oʻz shogirdlarini tarixiy dublni qayd etish orqali oʻz nomlarini klub tarixiga muhrlashga chaqirdi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, jamoa Pari Sen-Jermen klubiga qarshi boʻlib oʻtadigan Chempionlar ligasi finali oldidan ulkan energiya va toʻxtatib boʻlmas shijoatga ega. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Londonliklar mavsumning soʻnggi turida Kristal Pelas ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozonib, nihoyat Angliya Premer-ligasi kubogini boshlari uzra baland koʻtarishdi. Ushbu muvaffaqiyat klub uchun muhim bosqich boʻldi, biroq Mikel Arteta shanba kuni PSJga qarshi kechadigan Yevropa futbolining eng nufuzli bahsi oldidan futbolchilaridan yanada koʻprogʻini talab qilmoqda.
Ispaniyalik mutaxassis bayram tantanalari jamoasining jangovar ruhini soʻndirmasligiga ishonchi komil. «Bizga oʻsha energiya oqimi kerak va unga qarshi chiqish katta xato boʻladi deb oʻylayman. Biz Budapeshtda nima qilishimiz kerakligi va finalga qadar toʻplangan barcha aqlbovar qilmas kuchimizdan qanday foydalanishimiz haqida gaplashib oldik», — dedi Mikel Arteta.
Ketma-ket uch mavsum ikkinchi oʻrinni egallagan jamoa uchun ichki chempionatdagi gʻalaba ulkan yutuq boʻlsa-da, Chempionlar ligasi hali zabt etilmagan choʻqqi boʻlib qolmoqda. Arsenal hech qachon ushbu nufuzli turnirda gʻolib chiqmagan va Mikel Arteta hozirgi tarkibni tarix sahifalariga abadiy muhrlash imkoniyatini yaxshi anglab turibdi.
«Biz klubimiz tarixida yangi sahifa ochishni va Chempionlar ligasi kubogini koʻtarishni intiqlik bilan kutyapmiz», — deya qoʻshimcha qildi murabbiy. Uning fikricha, «chempion» maqomi jamoaga Budapeshtdagi finalda qoʻshimcha psixologik ustunlik beradi. Mikel Arteta endilikda klubdagi har bir xodimning vazifasi standartlarni yanada yuqori koʻtarish va yangi marralarni zabt etish ekanini taʼkidladi.













