Luis de la Fuente: Bu Lamine Yamalning vaqti

Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente jarohatiga qaramay, yosh yulduz Lamine Yamalning Jahon chempionatida porlashiga ishonch bildirdi. 26 kishilik yakuniy tarkibni e’lon qilgan murabbiy, Barselona hujumchisi uchun ushbu turnir faoliyatidagi burilish nuqtasi bo‘lishini ta’kidladi. Hozirda tizzasidagi jarohatdan tiklanayotgan futbolchi jamoaning asosiy umidi bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Yevropa chempionlari o‘z yurishini 15-iyun kuni Kabo-Verdega qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Tarkibga jarohatlangan Lamine Yamal bilan birga Mikel Merino ham kiritilgan. De la Fuente RTVE telekanaliga bergan intervyusida: "U juda hayajonda va ishtiyoqi baland. Lamine yosh bo‘lishiga qaramay, juda yetuk futbolchi. U bu uning vaqti ekanligini tushunib turibdi. Hayotda bunday imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermaslik kerak", — deb aytib o‘tdi.
Murabbiyning fikricha, Ispaniya ko‘plab pozitsiyalarda dunyoning eng yaxshi futbolchilariga ega va bu muhit Yamalning o‘zini ko‘rsatishi uchun yordam beradi. Shuningdek, ushbu chaqiruv tarixiy voqea bilan ham yodda qoladigan bo‘ldi: Ispaniya terma jamoasining Jahon chempionati uchun qaydnomasida ilk bor Real Madrid klubining birorta ham vakili joy olmadi. Dani Carvajal va boshqa madridlik futbolchilar ro‘yxatdan tashqarida qolishdi.
Tibbiy shtab jarohatlangan futbolchilarning holatini ijobiy baholamoqda. De la Fuente ularning birinchi o‘yingacha tayyor bo‘lishiga umid qilmoqda, biroq asosiy e’tibor uzoqroq masofaga qaratilgan. Ispaniya "H" guruhida Saudiya Arabistoni va Urugvay termalariga qarshi ham bahs olib boradi. Amaldagi Yevropa chempionlari turnirning asosiy favoritlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.













