Barselona yangi Neymar uchun 20 million yevro toʻlashi kerak

Barselona yangi Neymar uchun 20 million yevro toʻlashi kerak

Barselona klubi jahon futbolining boʻlajak yulduzlarini izlashda davom etmoqda va skautlar eʻtibori yana Braziliya bozoriga qaratildi. Kataloniya grandi Janubiy Amerikada porlayotgan yangi iqtidor egasini oʻz transfer roʻyxatiga kiritdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Atletiko Mineiro yoshlar jamoasi aʻzosi, 16 yoshli Gabriel Veneno Barselona sport direktori Dekoning nazariga tushdi. Texnik mahorati va oʻyin uslubi tufayli uni allaqachon "yangi Neymar" deb atashmoqda. Oʻng qanot hujumchisi joriy yilning boshida nufuzli Copinha turnirida oʻzini koʻrsatib, koʻplab Yevropa klublari skautlarida ijobiy taassurot qoldirdi.

AS nashri xabariga koʻra, Atletiko Mineiro oʻz tarbiyalanuvchisi uchun taxminan 20 million yevro va qoʻshimcha bonuslar talab qilmoqda. Bu hali asosiy jamoada debyut qilmagan futbolchi uchun ancha yuqori narx hisoblanadi.

Barselona rahbariyati ushbu transfer borasida bir qarorga kelishi qiyin kechmoqda. Bir tomondan klubning moliyaviy cheklovlari boʻlsa, ikkinchi tomondan Gabriel Veneno aynan Lamine Yamal harakat qiladigan pozitsiyada oʻynaydi. Shu sababli, klub rahbariyati yosh yulduzga raqobatchi sotib olish masalasini chuqur tahlil qilmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.