Kripto-aktivlarni chiqarish tartibi tasdiqlandi

Kripto-aktivlarni chiqarish tartibi tasdiqlandi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan O‘zbekiston rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Hujjatga muvofiq, emitent kripto-aktivlarni, jismoniy shaxslar esa faqat o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni kripto-depozitariy yoki boshqa elektron platformalar orqali chiqarishlari mumkin.

Ma’lumot uchun, o‘zaro o‘zgarmas token — moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan ta’minlanmagan, mulkdorning raqamli shakldagi noyob kontentga (matn, audiovizual, musiqiy, fotografik asarlar, shuningdek tasviriy san’at asarlari va boshqalar) bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi kripto-aktivning alohida turi.

Respublika hududida quyidagi kripto-aktivlarni rezidentlar tomonidan chiqarish va kripto-depozitariy tomonidan chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi:
- biror-bir moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan ta’minlanmagan tokenlar (utilitar tokenlardan tashqari);
- barqaror tokenlar.

Ma’lumot uchun, utilitar token — emitentning ekotizimida smart-kontrakt bilan belgilangan harakatlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan, shu jumladan qiymatiga ega o‘lchov birligi sifatida ifodalangan ta’minlanmagan tokenning turi. Barqaror token — qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng bo‘lgan ta’minlangan tokenning turi.

Kripto-aktivlarni chiqarish to‘g‘risidagi qaror uning dastlabki joylashtirilishidan bir oy oldin emitentning rasmiy veb-saytida yoki boshqa axborot resursida e’lon qilinishi lozim.

Kripto-aktivlar chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish faqat kripto-depozitariy tomonidan amalga oshiriladi.
Kripto-aktivlar egasi emitent tomonidan chiqarilgan jami kripto-aktivlarning 35 foiz va undan ortig‘ini sotib olgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilishi lozim.

Shuningdek nizom bilan kripto-aktivlarni muomalaga kiritish,turli xil tokenlarni chiqarish va ro‘yxatdan o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari va elektron reyestrni yuritish tartibi belgilanmoqda.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.