WhatsApp iOS 26 uchun Liquid Glass uslubida yangilandi

Meta kompaniyasi WhatsApp’ning iOS uchun yangi versiyasini — 25.28.75 (iOS 26) yangilanishini chiqardi. Asosiy o‘zgarish — ilova dizaynida Liquid Glass uslubining paydo bo‘lishi, deb yozmoqda Rozetked.me sayti.
Endilikda messenjer interfeysi Apple tizimidagi “shisha” ko‘rinishga o‘xshaydi — elementlar nim-nim yorug‘likni o‘tkazadi, soyalar va tuslar jonli ko‘rinadi.
Shu bilan birga, kompaniya bu yangilanish haqida rasmiy e’lon bermagan, biroq u allaqachon ayrim foydalanuvchilarda faollashgan. Ko‘rinadiki, yangilanish hozircha test tarzida yoki bosqichma-bosqich tarqatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Bunga o‘xshash Liquid Glass dizayni avval Google Chrome (iOS 141) versiyasida paydo bo‘lgan edi. Shuningdek, shunday uslubdagi interfeys Telegram uchun ham tayyorlanayapti, deb xabar berilgan.













