Airbnb mehmonxonalar bozoriga kirdi va sunʼiy intellekt imkoniyatlarini kengaytirdi

Airbnb mehmonxonalar bozoriga kirdi va sunʼiy intellekt imkoniyatlarini kengaytirdi

Airbnb oʻzining asosiy biznes modelini oʻzgartirib, platformaga mehmonxonalarni qoʻshishni boshladi. Endilikda foydalanuvchilar nafaqat xususiy xonadonlar, balki butik-otellarni ham ilova orqali band qilishlari mumkin. Kompaniya bir necha oylik sinovlardan soʻng, Nyu-York, Parij, London, Madrid, Rim va Singapur kabi 20 ta yirik shahardagi mehmonxonalar bilan hamkorlikni rasman yoʻlga qoʻydi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Ilovada mehmonxonalarni qidirish uchun maxsus filtr paydo boʻldi. Agar foydalanuvchi bir yoki ikki kechaga joy qidirsa, tizim avtomatik ravishda mehmonxonalarni taklif qiladi. Airbnb marketing boʻyicha vitse-prezidenti Jud Coplanʼning soʻzlariga koʻra, bu yangilik soʻnggi daqiqadagi bandlovlar va xizmat safarlari uchun juda qulaydir. Shuningdek, kompaniya narxlar boʻyicha kafolat berib, boshqa joyda arzonroq narx topilsa, farqni keshbek koʻrinishida qaytarishni vaʼda qilmoqda.

Airbnb faqat turar joy bilan cheklanib qolmoqchi emas. Kompaniya oʻz xizmatlari doirasini kengaytirib, yuklarni saqlash, avtomobillar ijarasi va mahalliy gidlar hamrohligidagi ekskursiyalarni ham qoʻshmoqda. Bu orqali platforma Viator va GetYourGuide kabi raqobatchilar bilan kurashishni maqsad qilgan. Yozgi mavsumda 15 000 dan ortiq nuqtada yuk saqlash xizmati va yangi ijara tizimi ishga tushirilishi kutilmoqda.

Texnologik jihatdan Airbnb sunʼiy intellektdan foydalanishni davom ettirmoqda, biroq boshqa sayyohlik kompaniyalaridan farqli oʻlaroq, chatbotlardan voz kechgan. Kompaniya rahbari Brian Cheskyʼning fikricha, chatbot interfeysi sayohatlarni rejalashtirish uchun eng yaxshi yechim emas. Buning oʻrniga, AI mezbonlarni roʻyxatdan oʻtkazish va mijozlarni qoʻllab-quvvatlash tizimlarini takomillashtirishga yoʻnaltiriladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.