xAI oʻtgan yili 6,4 milliard dollar zarar koʻrdi: SpaceX IPO hujjatlari

Elon Musk boshqaruvidagi xAI kompaniyasi 2025-yilda 3,2 milliard dollar daromad koʻrgan boʻlsa-da, operatsion faoliyatdan 6,4 milliard dollar zarar koʻrdi. SpaceX kompaniyasining IPO (aksiyalarni ommaviy joylashtirish) uchun topshirgan hujjatlarida ushbu moliyaviy koʻrsatkichlar ilk bor ochiqlandi. Maʼlumotlarga koʻra, xarajatlar va zararlar miqdori kelgusida yanada oʻsishi kutilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
SpaceX joriy yilda oʻzining sunʼiy intellekt boʻlinmasi xAI bilan birlashgan holda birjaga chiqishni rejalashtirmoqda. Ushbu IPO tarixda eng yiriklaridan biri boʻlishi va kompaniya qiymati 1,75 trillion dollarga baholanishi mumkin. Hujjatlarda Grok modelini "bir necha trillion parametrli" darajaga koʻtarish maqsadi qoʻyilgan boʻlib, bu hisoblash quvvatlari uchun ulkan qoʻshimcha investitsiyalarni talab qiladi.
2026-yilning birinchi choragida sunʼiy intellekt segmenti uchun kapital xarajatlar 7,7 milliard dollarni tashkil etdi. Agar ushbu surʼat saqlanib qolsa, yillik xarajatlar 30,8 milliard dollarga yetishi mumkin. Hozirda Grok va X platformalarining umumiy 550 million oylik faol foydalanuvchisidan faqat 117 millioni (taxminan beshdan bir qismi) sunʼiy intellekt funksiyalaridan faol foydalanmoqda.
Musk investorlarni tinchlantirish uchun xarajatlarni kamaytirishning yangi usullarini taklif qilmoqda. Xususan, SpaceX 2028-yildan boshlab orbital maʼlumotlar markazlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya fikricha, sunʼiy intellektni koinotdagi sunʼiy yoʻldoshlar orqali oʻqitish va qayta ishlash yer ustidagi markazlarga qaraganda ancha arzon va samaraliroq boʻladi.













