SpaceX IPO uchun rasmiy hujjatlarni taqdim etdi

Elon Musk tomonidan 24 yil avval asos solingan SpaceX aerokosmik kompaniyasi nihoyat oʻzining IPO (aktsiyalarni ommaviy joylashtirish) uchun arizasini eʼlon qildi. Chorshanba kuni bozorlar yopilgandan soʻng eʼlon qilingan ushbu hujjat kompaniyaning koʻp marta ishlatiladigan raketalardan ancha uzoqqa ketganini koʻrsatadi. Hozirda SpaceX sunʼiy yoʻldoshlar va AI sohasida ishlaydigan yirik texnologik konglomeratga aylangan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya joriy yil oxirida Nasdaq birjasida “SPCX” tikeri ostida savdoga chiqishi kutilmoqda. S-1 shaklidagi ushbu tartibga soluvchi hujjat SpaceX biznesining moliyaviy holatini ilk bor ochiq koʻrsatib berdi. Mazkur IPO tarixda eng yirigi boʻlishi kutilmoqda: kompaniya 75 milliard dollar atrofida mablagʻ jalb qilishni rejalashtirgan, uning umumiy qiymati esa 1,75 trillion dollarga baholanmoqda. Taqqoslash uchun, hozirda NVIDIA 5,4 trillion dollarlik bozor qiymati bilan yetakchilik qilmoqda.
Moliyaviy hisobotlarga koʻra, SpaceX 2025-yilda 18 milliard dollardan ortiq daromad koʻrgan boʻlsa-da, 4,9 milliard dollar zarar koʻrgan. Kompaniya daromadining yarmidan koʻpi Starlink sunʼiy yoʻldosh interneti hisobiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, hujjatda SpaceX tashkil etilganidan beri 37 milliard dollardan ortiq mablagʻ sarflagani qayd etilgan. Elon Musk tomonidan yaratilgan va yaqinda SpaceX tarkibiga qoʻshilgan xAI kompaniyasi ham hozircha katta foyda keltirmayapti.
Maʼlumotlarga koʻra, SpaceX 2025-yilda oʻz kapital xarajatlarining qariyb 60 foizini (taxminan 20 milliard dollar) sunʼiy intellekt boʻlimiga yoʻnaltirgan. Grok chatbotini oʻz ichiga olgan ushbu boʻlim oʻtgan yili milliardlab dollar zarar koʻrgan va daromadi atigi 22 foizga oshgan. Bu koʻrsatkich boshqa yetakchi AI laboratoriyalarining oʻsish surʼatlaridan ancha pastdir.
Kompaniyaning kelajagi koʻp jihatdan Starship raketasining muvaffaqiyatiga bogʻliq. Toʻliq qayta ishlatiladigan ushbu ogʻir raketa soʻnggi yillarda bir necha bor portlashlar va texnik oʻzgarishlarni boshdan kechirdi. SpaceX shu haftaning oʻzida Starship qurilmasining 12-sinov parvozini amalga oshirishi kutilmoqda.













