Xitoyda 30 milliondan ortiq iPhone 17 faollashtirildi

Xitoy bozorida iPhone 17 smartfonlarining sotuvi narxlar pasaytirilganidan soʻng keskin oʻsdi. Digital Chat Station insayderining maʼlumotlariga koʻra, ushbu seriyadagi qurilmalarning umumiy faollashtirish koʻrsatkichi 30 million donadan oshib ketdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Talabning bunday yuqori boʻlishiga asosiy sabab iPhone 17 Pro liniyasiga berilgan chegirmalar boʻldi. May oyi oʻrtalaridan boshlab narxlar taxminan 1000 yuan (145 dollar)ga tushirildi, bu esa xaridorlar qiziqishini darhol oshirib yubordi.
Chegirmalar eʼlon qilingan dastlabki kunlardayoq Apple smartfonlariga boʻlgan qiziqish bir necha barobar ortdi, qidiruv soʻrovlari soni esa taxminan 7 barobarga koʻpaydi. Maʼlum qilinishicha, faollashtirilgan qurilmalarning deyarli yarmi iPhone 17 Pro Max modeliga toʻgʻri kelmoqda.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Digital Chat Station insayderi avvalroq Xiaomi 15 va Xiaomi 15 Pro xususiyatlarini, shuningdek, Dimensity 9400 protsessori Snapdragon 8 Elite modelidan oldinroq chiqishini aniq bashorat qilgan edi.













