Apple va Epic Games oʻrtasidagi App Store mojarosi yangi bosqichga chiqdi

Apple kompaniyasi Fortnite yaratuvchisi Epic Games bilan davom etayotgan sud jarayonida navbatdagi taktikani qoʻlladi. iPhone ishlab chiqaruvchisi App Store komissiyalari boʻyicha chiqarilgan sud qarori barcha dasturchilarga, jumladan, ushbu daʼvoga aloqador boʻlmagan Microsoft va Spotify kabi gigantlarga ham tatbiq etilmasligi kerakligini taʼkidlamoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Apple AQSH Oliy sudiga topshirgan arizasida Epic Games jamoaviy daʼvo bilan chiqmaganini va barcha dasturchilar uchun cheklovlarni bekor qilish Epic uchun qandaydir yengillik berishini isbotlamaganini qayd etgan. Kompaniya quyi instansiya sudining qarorini qayta koʻrib chiqishni soʻramoqda.
Nizoning asosiy nuqtasi dasturchilarga oʻz ilovalarida muqobil toʻlov tizimlariga havolalar joylashtirish huquqini berish bilan bogʻliq. Apple bunday havolalarga ruxsat bergan boʻlsa-da, tashqi toʻlovlardan 27 foiz miqdorida komissiya undirishni boshladi. Toʻqqizinchi okrug sudi buni sud qarorini mensimaslik deb baholadi, chunki bunday yuqori haq tashqi toʻlovlardan foydalanish maqsadini yoʻqqa chiqaradi.
Apple oʻz pozitsiyasini himoya qilar ekan, sud qarorida komissiyalar haqida aniq taqiq boʻlmaganini, shuning uchun texnik jihatdan hech qanday qonunbuzarlik sodir etilmaganini daʼvo qilmoqda. Epic Games esa Appleʻning bu harakatini isteʼmolchilar foydasiga xizmat qiladigan toʻlov raqobatini kechiktirishga urinish deb atadi.
Shunga qaramay, Epic Games yaqinda Fortnite oʻyinini butun dunyo boʻylab (Avstraliyadan tashqari) App Store platformasiga qaytardi. Kompaniya sud yakunda Appleʻning hozirgi toʻlov tizimini oʻzgartirishiga ishonch bildirmoqda.













