Sunʼiy intellekt yordamida halok boʻlgan uchuvchilar ovozi qayta tiklanmoqda

AQSH Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) oʻzining ochiq maʼlumotlar tizimiga kirishni vaqtincha cheklashga majbur boʻldi. Bunga oʻtgan yili UPS yuk samolyoti halokatida vafot etgan uchuvchilarning ovozlari sunʼiy intellekt yordamida qayta tiklangani va internetda tarqalib ketgani sabab boʻlgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Federal qonunchilikka koʻra, NTSB tergov materiallari orasida kabina audioyozuvlarini eʼlon qilishi taqiqlangan. Biroq, mazkur parvozga oid hujjatlar orasida ovoz yozuvchisining spektrogramma fayli mavjud edi. Spektrogramma tovush signallarini, jumladan, past va yuqori chastotalarni matematik usulda tasvirga aylantirib beradi.
Mashhur YouTuber Scott Manley oʻzining X sahifasida ushbu tasvirdagi megabaytlab maʼlumotlar asosida audioni qayta tiklash mumkinligini taʼkidlagan edi. Koʻp oʻtmay, foydalanuvchilar spektrogramma va ochiq manbadagi transkriptdan foydalanib, UPS 2976 reysining kabina yozuvlarini sunʼiy intellekt orqali generatsiya qilishdi.
Maʼlumotlarga koʻra, ushbu jarayonda Codex kabi zamonaviy AI vositalaridan foydalanilgan. NTSB juma kuni tizimga kirishni qayta tikladi, biroq 42 ta tergov ishi, jumladan, Louisville shahridagi halokatga oid hujjatlar qayta koʻrib chiqish uchun yopiqligicha qolmoqda.












