Quyoshda rekord darajadagi 19 kunlik radioportlash qayd etildi

Olimlar Quyoshdan tarqalayotgan va misli koʻrilmagan davomiylikka ega boʻlgan radioportlashni aniqladilar. Ushbu hodisa ketma-ket 19 kun davom etib, kuzatuvlar tarixidagi eng uzoq davom etgan signalga aylandi. Odatda bunday radiotoʻlqinlar bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi, biroq bu safar nurlanish deyarli uch hafta davomida oʻz intensivligini saqlab qoldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Signal ilk bor 2025-yil 21-avgustda odatiy quyosh radioportlashi sifatida roʻyxatga olingan edi. Biroq, kutilganidan farqli oʻlaroq, ushbu energiya oqimi soʻnib qolmadi va NASA hamda ESA agentliklarining toʻrtta missiyasi tomonidan qayd etildi. Dastlab Solar Orbiter apparati, soʻngra Parker Solar Probe, Wind sunʼiy yoʻldoshi va nihoyat STEREO-A kubsati ushbu jarayonni toʻliq kuzatishga muvaffaq boʻldi.
Astronomlar tasnifiga koʻra, ushbu hodisa IV turdagi quyosh radioportlashlariga kiradi. Bunday emissiyalar elektronlar Quyosh koronasidagi ulkan magnit halqalarda “qamalib” qolganda yuzaga keladi. Tadqiqotchilarning fikricha, anomal davomiylikka bitta chaqnash emas, balki quyoshning aynan bir hududida sodir boʻlgan uchta ketma-ket koronal massa otilishi sabab boʻlgan.
Garchi bu radiotoʻlqinlar Yer uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xavf tugʻdirmasa-da, bunday jarayonlar sunʼiy yoʻldoshlar, aloqa tizimlari va koinot apparatlari ishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan kuchli quyosh faolligi bilan birga kechadi. Shu sababli, mazkur kuzatuvlar koinot ob-havosini prognoz qilish va orbital infratuzilmani himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.












