AQSH harbiylari NUJ haqidagi yangi maxfiy hujjatlarni ochiqladi

AQSH harbiylari NUJ haqidagi yangi maxfiy hujjatlarni ochiqladi

AQSH Mudofaa vazirligi oʻzga sayyoraliklar hayoti, nomaʼlum havo hodisalari va nomaʼlum uchuvchi obyektlar (NUJ) bilan bogʻliq hujjatlarning navbatdagi turkumini maxfiylikdan chiqardi. Eʼlon qilingan materiallar orasida uzoq vaqt davomida yopiq saqlangan 50 dan ortiq video va matnli hujjatlar mavjud. Pentagon qoshidagi Global anomaliyalarni oʻrganish boshqarmasi hozircha ushbu hodisalarning oʻzga sayyoraliklar bilan bogʻliqligini tasdiqlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri dalillar yoʻqligini maʼlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Shunga qaramay, harbiylar koʻplab holatlarni mavjud ilmiy bilimlar va mantiq doirasida tushuntirib berish imkonsiz ekanini tan olmoqda. Masalan, 2024-yil aprel oyida AQSH Sohil qoʻriqlash xizmati tomonidan olingan infraqizil videoda mamlakat janubi-sharqida oddiy parvozni amalga oshirayotgan samolyot yaqinida harakatlanayotgan nomaʼlum obyekt muhrlangan. Shuningdek, 2021-yilda Suriya osmonida qayd etilgan va toʻsatdan tezlashib ketgan havo hodisasi videosi ham ilk bor jamoatchilikka taqdim etildi.

Yana bir qiziqarli holat 2020-yilda AQSH Markaziy qoʻmondonligi yurisdiksiyasidagi aholi zich joylashgan hudud ustida sodir boʻlgan. Videoda sferik shakldagi obyekt past balandlikda uchib oʻtib, soʻngra manevr uchun deyarli joy boʻlmasa-da, keskin yuqoriga koʻtarilib, kuzatuv zonasini tark etgan. Hujjatlar orasida razvedka xizmati xodimining guvohligi ham bor: u vertolyotda uchayotganda fyuzelyaj yonida ikkita katta toʻq sariq rangli nur sochuvchi sharni koʻrganini bayon qilgan.

Guvohning soʻzlariga koʻra, ushbu sharlarni tutish uchun havoga koʻtarilgan qiruvchi samolyotlar ularning kelib chiqishini aniqlay olmagan. Hatto sharlar bir muddat Amerika qiruvchi samolyotlarini taʼriflab boʻlmas tezlikda taʼqib qilishga ham urinishgan. AQSH Mudofaa vazirligi ushbu turkumdagi materiallarni may oyi boshidan buyon bosqichma-bosqich eʼlon qilib kelmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.