Google yaratgan Gemini sun’iy intellekt poygasida yetakchiga aylandi...

Google yaratgan Gemini sun’iy intellekt poygasida yetakchiga aylandi...

Har qanday ulug‘vor muvaffaqiyat va zafarli yo‘lning ibtidosi hamisha mashaqqat, sinovlar va tinimsiz mehnatdan iborat bo‘ladi. Sun’iy intellekt olamidagi bosh brendlardan biri — «Gemini» chat-boti ilk qadamlarini tashlagan paytda xuddi omadsizlik va muvaffaqiyatsizlik soyasida qolgandek taassurot uyg‘otgan edi. Biroq vaqt oliy hakam sifatida o‘z so‘zini aytdi: bugungi kunga kelib u taqdim etayotgan ma’lumotlarning o‘ta nafisligi, yuqori aniqligi va tezkorligi bilan o‘zining asosiy raqibi «ChatGPT»ni ham ortda qoldirmoqda. Bu esa yaqin kelajakda ushbu tizim har bir internet foydalanuvchisining eng yaqin va doimiy raqamli hamrohiga aylanishidan dalolat beradi.

Bundan atigi ikki yil muqaddam global texnologik maydonda xavfli va kuchli raqib paydo bo‘lib, ko‘p yillardan buyon internet qiroli hisoblangan Google kompaniyasining kelajagini tumanli shubhalar qoplagan edi. Butun texnologiya dunyosini ostini ustun qilib yuborgan OpenAI kompaniyasining mahsulotiga yetib olish maqsadida qidiruv giganti o‘z sun’iy intellektining hali to‘liq pishib yetilmagan, xom talqinini shoshilinch ravishda o‘z bosh sahifasiga joylashtirdi. Ammo shoshqaloqlikning bahosi qimmatga tushdi: tizim foydalanuvchilarga odam tushunmaydigan mantiqsiz maslahatlarni, xususan, sog‘liq uchun tosh yeyishni yoxud lazzatli pitssa ustiga kimyoviy yelim surtishni xotirjamlik bilan tavsiya qilib, o‘z sohiblarini butun dunyoga noqulay va kulgili ahvolga solib qo‘ydi.

O‘sha paytlarda ko‘pchilik tahlilchilar Google o‘zining internetdagi ko‘p yillik hukmronligining so‘nggi kunlarini o‘tkazayotgandek xulosa chiqarishgandi.

Ammo bugun manzara tubdan o‘zgardi. Google sun’iy intellekt sohasidagi buyuk poygada shunchaki oddiy ta’qibchi emas, balki raqiblarini tamomila mahv etuvchi mutlaq yetakchi sifatida gavdalanmoqda. Bu Kremniy vodiysida bor-yo‘g‘i sanoqli oylar ichida vaziyat qanday qilib 180 darajaga aylanib ketishi mumkinligiga eng go‘zal misoldir.

Yaqinda dasturchilar uchun tashkil etilgan an’anaviy Google I/O yirik konferensiyasida kompaniya rahbariyati olamshumul yangilikni oshkor qildi: atigi bir yil ichida «Gemini» chat-botidan faol foydalanuvchilar armiyasi ikki barobardan ziyodga ko‘payib, naqd 900 million nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich OpenAI korporatsiyasi maqtanguvchi «ChatGPT»ning faol foydalanuvchilari soni bilan tenglashganini, asosan yirik biznes va yirik korporatsiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi Anthropic kompaniyasining «Claude» chat-boti trafigidan esa deyarli 30 barobar ko‘pligini anglatadi.

Onlayn reklama orqali milliardlab daromad

Sun’iy intellekt algoritmlarini ushlab turish va bahaybat ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (data-markazlar) uchun tinimsiz bahaybat mablag‘ sarflab, haligacha zarar yoki minimal foyda bilan chiqayotgan Anthropic va OpenAI kompaniyalaridan farqli o‘laroq, Google o‘z texnologiyasini sof foydaga aylantirishning uquvli yo‘lini topdi. Kompaniya ushbu tizimni o‘zining bosh daromad manbai — onlayn reklama sohasiga mohirona tatbiq etdi. Eng so‘nggi choraklik hisobotlarga ko‘ra, qidiruv gigantining reklamadan olgan sof foydasi 16 foizga yuksalib, 77 milliard dollarni tashkil etdi. Bu muvaffaqiyatning bosh me’mori marketologlarga iste’molchilarning yashirin qiziqishlarini aniqlab berayotgan sun’iy intellektdir.

Yaqin kunlarda esa «Gemini» o‘z eng katta raqobatchisining ichki hududiga — Apple kompaniyasining «iPhone» qurilmalari tarkibiga kirib boradi. Shu yilning boshida rasmiylashtirilgan kelishuvga binoan, «Gemini» tizimi Apple smartfonlaridagi «Siri» ovozli yordamchisining yangi va intellektual talqiniga poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu texnologiya allaqachon dunyodagi milliardlab «Android» qurilmalariga tizimli ravishda o‘rnatilganini inobatga olsak, Apple bilan hamkorlik unga sayyoramizdagi deyarli barcha telefonlarni nazorat qilish va egallash imkonini taqdim etadi.

Bundan tashqari, Google I/O taqdimotida internet-do‘konlardagi savdo-sotiq hajmini keskin oshirishga xizmat qiluvchi, SI asosida ishlovchi yangi mahsulotlar savati va maxsus aksiyalar funksiyalari e’lon qilindi. Shuningdek, «Google Docs» matnli hujjatlar tizimida har bir insonning xohishiga mos shaxsiylashtirilgan maqola va matnlarni yaratish imkoniyati yanada kengaytirildi.

«Agar mendan bugungi kunda sun’iy intellekt inqilobining asl g‘olibi kim bo‘ladi, deb so‘rashsa, men hech ikkilanmay Google kompaniyasini tanlagan bo‘lardim. Vaholanki, xuddi shu savolni menga bir yarim yil avval berganingizda, javobim mutlaqo boshqacha bo‘lardi va men ularning nomini tilga ham olmasdim», — deydi The New York Times gazetasining sobiq sharhlovchisi, SI sohasidagi iqtisodiy urushlar haqidagi kitob muallifi Geri Rivlin.

Tarix saboqlari: Microsoftning xatosi takrorlanmaydi

Google kompaniyasining «Gemini» loyihasi orqali qozongan ushbu zafari soha gigantlari xavf tug‘ilganda o‘z yetakchiligini saqlab qolish uchun naqadar tezkorlik bilan transformatsiya bo‘la olishini ko‘rsatdi. Vaholanki, tarixda bunday bo‘hronga dosh berolmagan yetakchilar ko‘p bo‘lgan.

Masalan, bundan 15 yil muqaddam Apple tomonidan «iPhone» va Google tomonidan «Android» ekotizimlari yaratilganda, «Microsoft» korporatsiyasi shaxsiy kompyuterlar bozoridagi ustuvorligiga ishonib, zamon shiddatini o‘tkazib yubordi. Ular tomonidan yaratilgan «Windows Phone» operatsion tizimi va afsonaviy «Nokia» brendining sotib olinishi ham ularni mobil texnologiyalar poygasidagi halokatdan qutqarib qola olmadi. Natijada «Microsoft» oddiy foydalanuvchilar orasida o‘z mashhurligini butunlay yo‘qotdi.

Google esa bu xatoni takrorlamadi. Ular «Gemini»ni shunchaki alohida ilova sifatida rivojlantirib o‘tirmasdan, uni o‘z ixtiyoridagi barcha ommabop xizmatlarga ulab tashlashdi. Ayni paytda kompaniyaning bir nechta yirik ilmiy jamoalari bir vaqtning o‘zida neyrotarmoqni «Gmail» elektron pochtasiga, «Google Maps» xaritalar xizmatiga va alohida mustaqil dasturlarga integratsiya qilish ustida bosh qotirishmoqda.

Shuningdek, Google sun’iy intellektining sayyohlik sohasida hech bir raqobatchisida mavjud bo‘lmagan mutlaq ustuvorligi bor. «Gemini» — dunyodagi eng yirik «Google Flights» (aviachiptalar qidiruvi) va «Google Hotels» (mehmonxonalar bazasi) tizimlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish va ularni tahlil qilish huquqiga ega yagona chat-botdir. Bu imkoniyat uni dunyodagi eng mukammal, tezkor va bepul shaxsiy virtual sayyohlik agentiga aylantiradi.

«Bu yerda gap faqatgina SI modelining qay darajada aqlli va mukammalligida emas. Uning raqamli makonda qayerda joylashgani hamda oddiy insonlar uchun undan foydalanishni boshlash va undan naf olish qanchalik oson ekanligi juda muhim ahamiyatga ega», — deya vaziyatga baho beradi Creative Strategies tadqiqot firmasi rahbari Karolina Milanezi.

Kelajakning yagona hukmdori

Kompaniya o‘z texnologiyasini ommalashtirish uchun qo‘lidagi barcha ma’muriy va texnik resurslarni ishga soldi. Ular sun’iy intellekt tomonidan taqdim etiladigan tayyor javoblar blogini dunyodagi eng ko‘p kiriladigan veb-sayt — Google.com platformasining asosiy va ajralmas qismiga aylantirishdi. E’tiborlisi, foydalanuvchilarga ushbu funksiyani sozlamalar orqali o‘chirib qo‘yish imkoniyati ham berilmagan.

Bir paytlar odamlarga tosh yeyishni tavsiya qilgan o‘sha xatokor «Gemini» bugun tanib bo‘lmas darajada aqlli va donishmand qiyofaga kirdi. To‘g‘ri, uni hali mutlaqo bexato, deyishga biroz erta. «The Times» nashri yaqinda o‘tkazgan mustaqil ekspertiza natijalariga ko‘ra, Google sun’iy intellekti bergan javoblar 90 foiz holatlarda mutlaqo to‘g‘ri va asosli deb topilgan. Kompaniyaning o‘zi esa bu ko‘rsatkich aslida bundan ham ancha yuqori ekanini da’vo qilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytganda, Google bugun shunday global qamrov va bahaybat infratuzilmaga egaki, bunday kuch dunyodagi hech bir raqobatchisida mavjud emas. «Xo‘sh, sun’iy intellekt davrida keyingi kudratli Google kim bo‘ladi, deb so‘rasangiz, katta ehtimol bilan bu yana Googlening o‘zi bo‘lib qoladi», — deya fikrini yakunladi ekspert Geri Rivlin.

Sizningcha, Google Gemini tizimining barcha smartfon va ilovalar ichiga bu qadar chuqur kirib borishi kelajakda insoniyatning fikrlash qobiliyatini susaytirib, SIga to‘liq qaram qilib qo‘ymaydimi?

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.