Ferrari va IBM sunʻiy intellekt yordamida muxlislar bazasini kengaytirmoqda

Ikki yil avval IBM oʻzining sport hamkorliklari roʻyxatida bitta muhim yoʻnalish — Formula One yetishmayotganini anglab yetdi. Bugungi kunda ushbu sport turi, ayniqsa, Netflix platformasidagi “Drive to Survive” hujjatli serialidan soʻng, butun dunyoda, jumladan AQSHda ham mislsiz mashhurlikka erishdi. Texnologiyalarga asoslangan ushbu poygalar AWS, Oracle va Anthropic kabi gigantlar uchun ham asosiy maydonga aylandi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
IBM oʻzining navbatdagi yirik hamkorligi uchun aynan Formula One va uning eng afsonaviy jamoasi — Scuderia Ferrari HPni tanladi. IBM vitse-prezidenti Kameryn Stanhouseʻning taʻkidlashicha, Ferrari tarixdagi eng koʻp gʻalaba qozongan jamoa hisoblanadi. Hamkorlikning asosiy maqsadi esa boshqa jamoalar kabi sunʻiy intellekt (AI) imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish va murakkab texnologik yechimlarni joriy etishdir.
Ushbu loyihaning markazida Ferrari muxlislari uchun moʻljallangan mobil ilovani tubdan yangilash va fan-kontent sifatini oshirish gʻoyasi yotadi. Ferrari jamoasining muxlislar bilan ishlash boʻyicha boʻlim rahbari Stefano Pallardning soʻzlariga koʻra, asosiy vazifa shunchaki auditoriyani qamrab olish emas, balki har bir muxlisga jamoa ularni shaxsan tanishini his qildirishdir.
Poyga davomida jamoalar har soniyada millionlab maʻlumot nuqtalarini qayta ishlaydi. IBM texnologiyalari ushbu murakkab maʻlumotlarni oddiy va qiziqarli kontentga aylantirishga yordam beradi. Ferrari oʻzining alohida ilovasiga ega boʻlgan kam sonli jamoalardan biri boʻlib, bu strategiya ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni kamaytiradi va global muxlislar bazasini yanada mustahkamlaydi.













