SpaceX Starship parvozidan yangi videoni taqdim etdi: Dron orqali olingan kadrlar

SpaceX kompaniyasi oʻtgan hafta oxirida boʻlib oʻtgan Starship tizimining 12-sinov parvozi (Flight 12) muvaffaqiyatini nishonlashda davom etmoqda. Elon Musk muhandislari dron yordamida suratga olingan yangi videoni eʼlon qildi. Unda Texasdagi Starbase poligonining yangi Pad 2 maydonchasidan start jarayoni va 33 ta Raptor 3 dvigatelining haybatli ishlashi aks etgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Parvoz davomida pogʻonalarning ajralishi, 22 ta Starlink sunʼiy yoʻldosh maketlarining orbitaga chiqarilishi va Ship 39 kemasining Hind okeaniga nazorat ostida qoʻnishi amalga oshirildi. Buster yoʻqotilgani va dvigatellardagi ayrim texnik nosozliklarga qaramay, parvoz muvaffaqiyatli deb topildi va qimmatli maʼlumotlar toʻplandi. Bu gal Starship koinotdan 4K sifatdagi tasvirni uzatish imkonini beruvchi yangi kameralar bilan jihozlangan edi.
SpaceX kelajakda Starship tizimini soatiga bir martadan koʻproq, yaʼni yiliga 10 000 martadan ortiq uchirishni rejalashtirmoqda. Elon Musk toʻliq koʻp marta ishlatiladigan tizimlarga oʻtishda tortish kuchining massaga nisbati yuqori boʻlishi iqtisodiy jihatdan hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini tushuntirib berdi.
Eslatib oʻtamiz, 12-parvoz davomida SpaceX rekordi oʻrnatildi: raketa orbitaga taxminan 45 tonna ogʻirlikdagi Starlink maketlarini olib chiqdi. Hozirda Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) parvozdan keyingi hodisa yuzasidan tekshiruv oʻtkazish zarurati boʻyicha yakuniy qarorni qabul qilmagan.













